Deputatlar oldida turgan vazifalar belgilab olinmoqda
Ayni kunlarda turli tashkilot va idoralar, xalq vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqini o‘rganish va undan kelib chiqadigan vazifalarni belgilab olish bo‘yicha yig‘ilish va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda qo‘mitalarda mazkur dasturilamal nutq atroflicha tahlil etilib, parlament quyi palatasi va deputatlar oldida turgan kelgusidagi vazifalar belgilab olinmoqda.
“Adolat” SDP fraksiyasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida dasturilamal nutqdan kelib chiqadigan fraksiya oldida turgan dolzarb vazifalar haqida so‘z borar ekan, bugun xalqimiz mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga xayrixohlik va qat’iy ishonch bilan qarayotgani, fuqarolar islohotlarning hosili va samarasini tezroq ko‘rish va unda ishtirok etishni istayotgani alohida ta’kidlandi. Bu borada Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilib, saylov jarayonida u o‘ziga xos umumxalq muhokamasidan o‘tkazilgani qayd etildi.
– Ushbu muhim konseptual hujjatda islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi, – dedi Spiker o‘rinbosari, “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari Zuhra Ibragimova. – Biz xalq vakillari yuqoridagilardan kelib chiqib, bundan buyon saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi murojaatlari bilan qat’iy ishlashga e’tibor qaratishimiz lozim. Murojaatlarni nazoratga olish bilan birga, mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda ularni tizimli ravishda hal qilish choralarini ko‘rishimiz zarur.
Fraksiya yig‘ilishida odil sudlov tizimining chinakam mustaqilligi va ochiqligini ta’minlash, huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish, advokatura institutini kuchaytirish, ushbu sohalar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, kelgusida deputatlarning ma’muriy sudlar faoliyatini xalqaro andozalar asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishida faol ishtirok etishi, albatta, jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari ko‘rilgan masala yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Yakunda davlatimiz rahbarining ushbu dasturilamal ma’ruzasidan kelib chiqib, “Adolat” SDP oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA