Deputatlar ko‘magida 150 ta masala joyida hal etildi
Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi sa’y-harakatlar ekologik muammolarni biroz bo‘lsa-da yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada hududlarda muayyan ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Namangan viloyatida 160 ta ko‘chatxonada 10 million 200 ming tup ko‘chat zaxirasi mavjud.
Shundan 1 million 909 ming tup manzarali, 4 million 291 ming tup mevali ko‘chatlardir. Viloyatda 2022 yil bahor mavsumida “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish borasida 145,4 gektar yer maydoniga mevali, manzarali daraxt va butalar ekilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Jizzax viloyatida ko‘chat ekish mavsumini samarali tashkil etish uchun 64,7 gektar maydonda 10 million 776 ming 600 tup, shundan ko‘chatlar 3 million 537 ming 700 tup, nihollar 7 million 238 ming 900 tup zaxirasi yaratilgan. 2022-2024 yillar davomida 81,3 gektar yer maydonida “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, joriy yilda 35,4 gektar yer maydonida mazkur ishlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi. Unda deputatlarning saylov okruglarida olib borgan faoliyati yakunlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, fraksiya a’zolari saylov okruglaridagi o‘rganishlari davomida ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilab berilgan har bir topshiriq va vazifalarning amalga oshirilishi atroflicha o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida Toshkent shahrida “mobil eko patrullar” tomonidan chiqindilar bilan bog‘liq 25 ta, o‘simlik dunyosiga zarar yetkazish bo‘yicha 4 ta, atmosfera havosining ifloslanishi bo‘yicha 3 ta qonunchilik talablarini buzish holatlari aniqlangani ma’lum bo‘ldi.
Fraksiya a’zolari o‘rganishlar jarayonida aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni hal etish choralarini ko‘rish yuzasidan xonadonlar va ijtimoiy soha ob’ektlariga tashrif buyurdi. Ular tomonidan tadbirkorlik sub’ekti vakillari hamda yoshlar bilan muloqotlar tashkil etildi.
Xususan, deputatlar tomonidan 46 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 198 ta xonadonga tashrif buyurilib, 66 ta uchrashuv o‘tkazildi. Ularda 2 ming 733 nafar fuqaro, shu jumladan 177 ta tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi, 51 ta ijtimoiy soha ob’ektining faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Deputatlar tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida aholi tomonidan ko‘tarilgan 150 ta masala joyida hal etildi. Jumladan, 17 nafar fuqaroni ishga joylashtirishga ko‘maklashildi, 10 nafar fuqaroga tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun yordam ko‘rsatildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 nafar fuqaroga moddiy yordam va imtiyozli kredit ajratilishida yordam berildi.
Fraksiya yig‘ilishida, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ham ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA