Deputat saylovchilari bilan uchrashdi
Nukus shahridan taxminan 460 kilometr uzoqlikda joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka olis hududi Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘inidir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratovaning saylovchilar bilan uchrashuvi aynan ushbu hududdan boshlangani ham bejiz emas. “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida deputatning dastlabki manzili “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” va faollari bilan uchrashuvdan boshlandi.

Unda “mahalla yettiligi” a’zolari, faollar, nuroniylar, yoshlar hamda turli soha vakillari ishtirok etdi. Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda aholini qiynab kelayotgan masalalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Deputat, avvalo, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan dasturlar, qonunchilikdagi yangiliklar haqida ma’lumot berdi. Mahalla faollari tomonidan asosan ishsizlik va tomorqa yerlarni sug‘orishda artezian qudug‘ini qazib berish masalasi, kredit va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha masalalar ko‘tarildi. Aholining tomorqa yerlarni sug‘orishda artezian qudug‘ini qazib berish bo‘yicha masalasi deputat tomonidan tegishli tashkilotlar birgalikda gaplashilib, shu yerning o‘zida muammo ijobiy hal qilindi.

Shuningdek, deputat hududdagi mavjud sport ob’ektlari, tibbiyot muassasalari va o‘zini-o‘zi band qilgan tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yosh qizlarning faoliyatini ham ko‘zdan kechirdi. Ular faoliyati bilan yaqindan tanishib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Uchrashuv davomida aholidan kelib tushgan har bir murojaat tinglanib, ularni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Deputat o‘z saylovchilari bilan doimiy muloqotda bo‘lish, ularning dardu tashvishlarini o‘rganib, amaliy yordam ko‘rsatish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
Bunday uchrashuvlar aholi muammolarini joyida hal etish, odamlarning davlat idoralariga, xalq vakillariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda hududlarni izchil rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.