Deputat saylovchilar bilan uchrashdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Bafoyev Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi qator mahalla fuqarolar yig‘inlari, o‘quv muassasalarida bo‘ldi. Uchrashuvlarda amaldagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar bilan birga, mamlakatimizni rivojlantirishning dolzarb dasturi “O‘zbekiston–2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan vazifalar, maqsad va yo‘nalishlar hamda ularning ijrosi haqida aholi vakillari, yoshlar bilan atroflicha fikr almashildi.
“Barkamol avlod” bolalar maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuv qizg‘in o‘tdi.


Mazkur muassasada 1640 nafar o‘quvchini qamrab olgan 7 ta yo‘nalishdagi 32 ta to‘garak faoliyat olib bormoqda. Rabototexnika, kompyuter grafikasi va dizayni, IT-axborot texnologiyalari, shuningdek, kulolchilik, tikuvchilik, shaxmat-shashka singari to‘garaklar shular jumlasidandir.
Deputat Shuhrat Bafoyev bu yerda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, to‘garaklar ishi bilan yaqindan tanishdi. Pedagoglar va ularning shogirdlari bilan samimiy muloqot qildi.


“Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inidagi uchrashuv ham samarali va munozaralarga boy bo‘ldi. Mahalla faollari sa’y-harakati bilan hududda “Obod xonadon– obod ko‘cha– obod mahalla” tamoyili asosida olib borilayotgan obodonlik va bunyodkorliklar hudud yangilanishida o‘z amaliy natijasini bermoqda.
Deputat mahalliy aholini tashvishga solayotgan bir qator masala va murojaatlarni ham o‘rgandi.

Tumandagi “Degrezon” mahalla fuqarolar yig‘inida saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda deputat tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangi qabul qilinayotgan qonunlar, Prezident farmon va qarorlarining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Aholini o‘ylantirayotgan bir qator masalalarga tegishli idoralar mas’ullari bilan birgalikda yechim topiladigan bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri