Deputat o‘rganishlar olib bordi
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Bo‘zachi” mahalla fuqarolar yig‘inida 790 ta xonadonda 3282 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududdagi ijtimoiy ob’ektlar, xususan oilaviy shifokorlik punkti, maktab va bog‘cha aholiga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bo‘zachi Oilaviy shifokorlik punkti 3309 nafar aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatadi va bu yerda 14 nafar malaka oshirgan tibbiyot xodimlari faoliyat yuritmoqda.
Ta’lim sohasi bo‘yicha 1990 yilda qurilib foydalanishga topshirilgan 4-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi 624 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 284 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Maktab kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyor holga keltirilgan. Shuningdek, 7-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 140 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, amalda 172 nafar bolani qamrab olgan. Kommunal xizmatlarda uzilishlar kuzatilmagan va bolalar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Mahallaning ichimlik suvi tizimi ham butunlay yangilandi. Bo‘zachi, Navbahor va Jarqoq mahallalarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida “Buxoro suv ta’minoti” AJ buyurtmasi asosida “Qorovulbozor tumanida suv ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish” loyihasi amalga oshirildi. Loyihaning umumiy qiymati 1,610 million AQSH dollarini tashkil etdi. Qurilish-montaj ishlari “Ziyo Ibodsher” va “G‘ijduvon Zarangari Qurilish” tashkilotlari tomonidan amalga oshirildi. Loyiha doirasida uchta suv tarqatish inshooti rekonstruksiya qilindi, hududdagi 9 km ichimlik suvi tarmoqlari qurildi va tiklandi.

Xulosa qilib aytganda, Bo‘zachi mahallasida amalga oshirilgan ishlar aholi farovonligini oshirish, infratuzilmani mustahkamlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasidir. Tibbiy xizmat, ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim, kommunal ta’minot va ichimlik suvi tarmoqlarida erishilgan natijalar mahallaning barqaror va rivojlanish imkoniyatlariga boy hudud sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu tashabbuslarni amalga oshirishda xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati Dilbar Ahmedovaning faol ishtiroki alohida e’tirofga loyiq.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.