Demografik barqarorlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlik qanday rol o‘ynaydi?
Bugun poytaxtimizda “O‘zbekistonda demografik barqarorlikni mustahkamlash: ma’lumotlar, dalillarga asoslangan siyosat va iqlim o‘zgarishiga doir chora-tadbirlarni uyg‘unlashtirish” mavzusida milliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ilmiy-tadqiqot muassasalari mas’ullari, mutaxassislar va halqaro hamkorlar ishtirok etdi.
Unda UNFPAning O‘zbekistondagi doimiy vakili, doktor Nigina Abaszade va boshqa ishtirokchilar inson kapitaliga, xususan, ayollar va yoshlarga investitsiya kiritish demografik salohiyatni ro‘yobga chiqarish hamda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligining demografik barqarorlikni milliy kun tartibi darajasiga olib chiqishdagi yetakchilik roli qayd etildi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, demografik barqarorlik mamlakatning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida asosiy omillardan biri hisoblanadi. Aholi sonining barqaror o‘sishi, tug‘ilish ko‘rsatkichlarining mutanosibligi va mehnat resurslarining samarali shakllanishi iqtisodiyot barqarorligi uchun mustahkam poydevor yaratadi. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash, ta’lim sifati va aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan kompleks siyosat bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida demografik barqarorlikni davlat siyosatining barcha yo‘nalishlariga integratsiya qilish barqaror va inklyuziv o‘sishga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda xalqaro hamkorlik, xususan, BMT tizimidagi tashkilotlar bilan ish olib borish milliy siyosatlarni takomillashtirishda katta o‘rin tutadi.
Seminarda UNFPA tomonidan Demografik barqarorlik konsepsiyasi taqdim etildi. Unda O‘zbekiston sharoitida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan yondashuvlar muhokama qilindi. Konsepsiya davlatlarga demografik o‘zgarishlarni oldindan prognoz qilish va bu ma’lumotlarni siyosat, strategik rejalashtirish hamda investitsiya qarorlariga integratsiya qilish imkonini beradi.
Doktor Nigina Abaszadening ta’kidlashicha, xalqaro hamkorlik demografik siyosatni samarali amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi, chunki u ilg‘or tajribalar, zamonaviy tahliliy yondashuvlar va global ma’lumotlar almashinuvini ta’minlaydi.
–Ushbu muloqot O‘zbekistonning aholi ma’lumotlaridan yanada samarali foydalanish orqali aqlli va inklyuziv tizim ishlab chiqish salohiyatini mustahkamlashda muhim qadamdir. Demografik tahlillarni iqlim chora-tadbirlari va rivojlanishni rejalashtirish bilan uyg‘unlashtirish natijasida mamlakat yanada barqaror va adolatli kelajakni barpo etmoqda, – dedi Nigina Abaszade.
Seminar doirasida iqlim o‘zgarishi va demografik transformatsiya o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik masalalari ham muhokama qilindi. UNFPA tomonidan taqdim etilgan mintaqaviy tadqiqot natijalari iqlim xavflari va aholi dinamikasi qanday kesishishini ko‘rsatib berdi. Mutaxassislar atrof-muhit va demografik bosimlarni bir vaqtning o‘zida hal qilish uchun integratsiyalashgan, ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA