Dehqonning xazinasi – yer, kaliti – ter
Qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida dehqonchilikning salmog‘i katta. Soha yalpi mahsulotining yarmidan ortiqrog‘i dehqonchilikdan, qolgani esa chorvachilikdan olinadi.
Buxoro viloyati Vobkent tumani “Changaron” MFY Nayman qishlog‘i aholisi ham tomorqadan unumli foydalanishning sir-asrorini puxta o‘zlashtirgan. Bu mehnatsevarlik esa ham ro‘zg‘orga, ham qishloqdoshlar dasturxoniga baraka kiritmoqda. Ayni kunlarda tomorqalarda takroriy ekin, “to‘qsonbosti” usulida sabzavot mahsulotlari yetishtirish ishlari avjida. Qishloq ahlining aytishicha, aholi xonadonidagi tomorqa yil bo‘yi bo‘sh qoldirilmaydi.
Gulshoda Sa’dullayeva ham o‘z xonadonida bog‘ yaratgan dehqonlardan.

– Tomorqamizning bir qismida bog‘ barpo qilganmiz, — deydi mirishkorlar xonadoni bekasi Gulshoda Sa’dullayeva. — Sholg‘omni ham, sabzini ham ko‘pchilik yerga ko‘mib, qishga asraydi. Biz esa boshqacha usulni qo‘llaymiz. Uyga ekilgan sholg‘omni kovlab olmasdan, yerning o‘zida saqlaymiz. Qish boshlanishi bilan sholg‘om ekilgan jo‘yaklar ustiga qalinroq qilib mahalliy o‘g‘it – go‘ng sepib chiqamiz. Bu usul sholg‘omni sovuq urishidan saqlaydi va qish bo‘yi sara, yangiligicha turadi. Shundan so‘ng bemalol, bir chetidan kovlab olib, ro‘zg‘orga ishlataversa bo‘ladi.
Xonadon bog‘ida esa 10 tup tok har yili shig‘il hosil tugadi. Ayni kunda yetilib pishgan “Toyfi” uzumi yig‘ib olinmoqda. Yana shuncha tupda o‘tqazib parvarishlanayotgan bodom daraxti ham hosilga kirgan. Bundan tashqari, bog‘da o‘rik, xurmo, yong‘oq daraxtlari ham bor. Hosili bir oilaning ehtiyojiga bemalol yetib ortadi. Bu uy xo‘jaligi ekin yeriga shu yil takroriy ekin mavsumida 50 sotix yerda sabzi, 2 yarim gektar yerda sholg‘om ekib parvarishlangani bugunga kelib o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Sabzidan 50 sotix yerdan 30 tonna hosil olishni ko‘zlayotgan mirishkorlar ayni kunlarda sholg‘omni saranjomlash harakatida. Sholg‘omdan ham hademay 25 tonna hosil olish ko‘zda tutilmoqda. Umuman, xonadonda tomorqaga alohida mehr berib ishlashga odatlangan mirishkorlar takroriy ekin davrida sholg‘om ekib, shundan mo‘l hosil yetishtirishni afzal bilishadi.

Hovli etagidagi tomorqaning 2 sotix qismida esa sholg‘om urug‘i sepilgan. Tayinki, kech kuzga borib yetiladigan sholg‘om qish bo‘yi oila ehtiyoji uchun ishlatiladi.
Dehqonchilikda ekinlarni parvarishlash va mahsulotlar yetishtirishning mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashgan navlar (duragaylar)ni tanlash, almashlab ekishga eng yaxshi o‘tmishdosh tanlash, ekin ekiladigan maydonlarda yerga yaxshi ishlov berish va o‘g‘itlarni qo‘llash kabi asosiy tadbirlari bor. Shu tadbirlarga amal qilish mo‘l-ko‘l hosil garovidir.
–Dehqonchilik mashaqqatli kasblardan biri, – deydi Gulshoda Sa’dullayeva. – Dehqonning xazinasi – yer bo‘lsa, kaliti – ter, deb bejizga aytishmagan. Ammo u eng sharafli kasb. O‘zbek xalqi azaldan rizqu ro‘zi, nasibasini qilgan ziroatidan topgan va hozirda ham qishloq xo‘jaligi va chorvachilikning rivojlanishi yurtimiz farovonligiga chambarchas bog‘liq.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.
O‘zA