“Dehqon bozori”ga dehqon kirmasa...”
Insoniyat boshiga tushgan bugungi ogʻir kulfatning boshqalaridan farqli jihati, u koʻrinmas, biroq qattollik borosida har qanday urushdan batdar.
Insoniyat boshiga tushgan bugungi ogʻir kulfatning boshqalaridan farqli jihati, u koʻrinmas, biroq qattollik borosida har qanday urushdan batdar. Hozir dunyoning yetti yarim milliarddan ortiq aholisini bitta musibat birlashtirib turibdi — koronavirus! Aynan mana shunday ogʻir paytda odamzod yana qoʻliga najot qurollarini oldi. Ularning nomi — mehr, gʻamxoʻrlik, sabr-qanoat, iroda, qatʼiyat, saxovat, nekbinlik va albatta, ishonch. Bu har qanday oʻqu snaryad otadigan, porox sochadigan aslahadan, hoʻlu quruqni birdek yoʻq qiladigan bombadan ham qudratliroqdir...
“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan nashr bosh muharriri, ustoz jurnalist va taniqli shoir Oʻtkir Rahmatning “Jonajon Vatanimiz javohirlari” sarlavhali maqolasida ana shunday mulohazalarni oʻqiysiz. Muallifning xulosa qilishicha, pandemiyaning choʻzilishi ham, uni qisqartirish ham oʻz qoʻlimizda. Bugun tahdid solayotgan koronavirus xalqimizga kelgan bir sinov. Ana shu sinovdan qanday chiqib ketish har bir kishining azmu qarori, shijoatiga bogʻliq. Zero, kishi qanchalik mukammalikka intilsa, oʻzida komillik sifatlarini shakllantirsa, shuncha koʻp yon-atrofiga nisbatan befarqlik, loqaydlikni bartaraf etadi...
“Hech kimga sir emas, oiladagi muammolar yuki, asosan, uy bekasining nozik yelkasiga tushadi. Er ishsiz, oilada yetishmovchilik boʻlsa, birinchi navbatda, ayol qiynaladi. Ota ishda boʻlsa ham, bolalar tarbiyasi bilan ona shugʻullanadi. Bolasini bogʻchaga joylashtira olmasa, maktabdagi taʼlim-tarbiya sifatsiz boʻlsa, onaning tashvishiga yana bir tashvish qoʻshiladi. Suv, gaz, elektr taʼminoti yaxshi boʻlmasa, yana qiynaladigan — ayol!” — deyiladi “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Ayol baxti jamiyatning baxtidir” nomli materialda. Maqola muallifi — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi, Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va ularni hal etish boʻyicha respublika ishchi guruhi rahbari Qudratilla Rafiqovning taʼkidlashicha, afsuski, uzoq yillar xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qoʻya olmadik, ularning jamiyatdagi oʻrnini his etmadik. Mamlakatimizda, ayniqsa, qishloq joylarda yashayotgan aksar ayollarimiz oʻz muammo va tashvishlari bilan yolgʻiz qolganini, hayotning moddiy va maʼnaviy qiyinchiliklari ostida ezilib ketganini bilib bilmaslikka, koʻrib koʻrmaslikka oldik. Yashirishning hojati yoʻq, mamlakatimizda ishsiz, doimiy daromadga ega boʻlmagan xotin-qizlarning dardini eshitish uchun shu choqqacha hech kim ularning eshigini taqillatib kelgan emas... Davlatimiz rahbarining ana shu voqelikka teran nazar solib: “Shunday oilalar borki, uyida oʻtirishga gilami yoʻq, dori-darmon olishga puli yoʻq, yigʻlashga koʻzida yoshi yoʻq. Bunday sharoitda yashayotgan ayollarning ahvolini kim tasavvur etadi? Biz bu yil xotinqizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtaramiz”, degan tashabbusi bu boradagi barcha stereotiplar, qarashlar, yondashuvlarga keskin oʻzgartirish kiritdi...
...Bozorda biror mahsulotning tanqisligi bir zumda narx oshishiga sabab boʻladi. Masalan, virusning mamlakatimizga ilk kirib kelgan vaqtidagi karantin davrini eslaylik. Kartoshkayu oziq-ovqat narxlarining sezilarli oʻsishiga oʻzimiz guvoh boʻldik-ku! Vaholanki, dehqon bozorida javlon urayotgan olibsotarlar dehqonlardan koʻtarasiga arzonroq narxlarda kartoshka xarid qilishdi. Haqiqiy dehqon esa bozor darvozasi ortida, pana-pastqamda oʻtirib, olibsotar olmagan mahsulotini ikki baravar arzoniga sotishga majbur...
“XXI asr” gazetasida berilgan Zilola Rahmonovaning “Dehqon bozori”ga dehqon kirmasa...” nomli maqolasi ayni shu mavzu tahliliga bagʻishlangan. Binobarin, “Urugʻlik kartoshka: dehqonni aldaganning kosasi oqaradimi?!” sarlavhali maqolada ham shu kabi oʻtkir muammolar haqidagi mulohazalarni oʻqiysiz.
“... Mutaxassislarning aytishlaricha, ogʻirligi 2 gramm boʻlgan bitta pilla 1000 metrga yaqin tola berar ekan. 100 kilogramm pilladan 100-140 metr gazlama toʻqishga yetarli ipak olish mumkin. Ipak tola mustahkamligi poʻlat simnikiga yaqin boʻlib, 1 kvadrat millimetrli ipakni uzish uchun unga 50 kilogrammga teng kuch sarflash kerak...”
Bu — “Qishloq hayoti” gazetasida berilgan “Jinjuz silk co” – pillachilik zanjirida yana bir halqa” sarlavhali maqoladan iqtibos. Material muallifi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Saidvafo Boboyevning yozishicha, Shu maʼnoda Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Evalak” MFY hududidagi “Jinjuz silk co” korxonasi oʻtgan yilning noyabr oyida “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va janubiy koreyalik investorlar hamkorligi tufayli barpo etilgan. Qiymati 5,5 million dollarga teng loyiha uchun aynan mazkur tuman tanlangani bejiz emas. Iqlimi pilla yetishtirish uchun juda qulay. Ishchi kuchi va boshqa resurslar tanqisligi yoʻq. Ishlab chiqarilgan ipak tolasi toʻgʻridan-toʻgʻri Koreya Respublikasiga eksport qilinmoqda. Oʻtgan yili 736 ming AQSH dollariga teng mahsulot chetga chiqarilgan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkichni 1,5 mln AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan. Hozir korxonada 100 ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda.
* * *
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.