Dehqon 35 kilogrammli oshqovoq yetishtirdi
Barchamiz sevib tomosha qiladigan "Abdullajon" filmining esda qolarli kadrlaridan biri paykalda o‘stirilgan katta-katta qovun va tarvuzlardir. Kinoni tomosha qilish jarayonida “bu hayot emas, kino”, degan gaplarni aytganimiz ham ayni haqiqatdir.
Izlagan imkon topar deganidek, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanining mirishkor dehqoni X.Qurbonov oshqovoqdan 35 kilogrammgacha bo‘lgan hosil yetishtirishning uddasidan chiqdi. Xolboy Qurbonov oilasi bilan 11 sotix tomorqasida dehqonchilik qilishni boshlaganiga ham ko‘p yillar bo‘ldi. Yillar davomida mo‘’jazgina tomorqaga mehr bergan Xolboy akaga bugun Ona yer ham o‘z mo‘jizasini ko‘rsatdi.

– Aprel oyida oshqovoq ekib, doimgidek parvarish qilishni boshladik, – deydi dehqon. – Vaqt o‘tgani sari oshqovoq hosili yiriklashib borardi. To‘g‘risi, oshqovoqning 35 kilogramm hosil berganini ko‘rib, dastavval o‘zim ham ishonmadim. Paykaldan 4-5 dona ana shunday yirik hosilni olgach, mehr bilan ishlansa, hech qachon tomorqa o‘z egasini mukofotsiz qoldirmasligini angladim.

Albatta, yerni e’zozlagan, uni har qarichidan unumli foydalangan kishi hech qachon kam bo‘lmaydi. Aksincha, halol mehnati evaziga turmush farovonligi yaxshilanib, daromadi ko‘payadi. Qilingan mehnat hech qachon e’tiborsiz, mukofotsiz qolmaydi.

Nigina Shoyeva, jurnalist.