Defoliatsiya – muhim agrotexnik tadbir
Ellikqal’a tumani markaziy mashina-traktor parkida g‘o‘za defoliatsiyasini sifatli o‘tkazishga bag‘ishlangan amaliy seminar-kengash bo‘lib o‘tdi.
Ellikqal’a tumani markaziy mashina-traktor parkida g‘o‘za defoliatsiyasini sifatli o‘tkazishga bag‘ishlangan amaliy seminar-kengash bo‘lib o‘tdi.Qoraqalpog‘iston Respublikasi barcha tumanlarining muqobil mashina-traktor parklari, qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish idoralari rahbarlari, entomolog-agronomlar ishtirok etgan tadbirda yig‘im-terimga tayyorgarlik ko‘rish ishlarida g‘o‘za defoliatsiyasi muhim agrotexnik tadbirlardan biri ekani ta’kidlandi. Bu tadbir o‘z vaqtida va me’yorida o‘tkazilganda g‘o‘za barglari to‘liq to‘kilib, ko‘sak 10-15 kun erta pishib yetiladi. Hosilning birinchi terim salmog‘i 15-20 foizga oshib, xomashyo sifati yuqori bo‘ladi.
Ellikqal’a tumanida joriy yilda 11 ming 850 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Shundan 9 ming 200 gektari defoliatsiya qilinadi.
– Buning uchun 13 otryad tuzilib, 41 OVX purkagich, 54 texnika ajratildi, – deydi tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Olimboy Seytimbetov. – G‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazishdan oldin paxta dalasi sinchiklab o‘rganilib, o‘simlikning bir xil rivojlangani va biologik yetilgani inobatga olinmoqda.
Joriy yilda 92,1 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlayotgan qoraqalpog‘istonlik fermerlar 70 ming gektar dalada defoliatsiya ishlarini amalga oshirishni rejalashtirgan. Buning uchun 111 otryad tuzilib, 766 texnika jalb etilgan. Jumladan, 322 OVX purkagichidan samarali foydalanish, o‘simlik bargini sun’iy to‘ktirish ishlarini 10 kun muddatda bajarish rejasi ishlab chiqilgan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalarga amal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Fermerlar o‘zaro tajriba almashdi.