Davolash va xizmat ko‘rsatish sifati oshdi
Guliston shahridagi Sirdaryo viloyati perinatal markazining ginekologiya bo‘limi tubdan qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat, shahar hokimliklari, sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Guliston shahar bo‘limi rahbar va xodimlari, muassasa jamoasi, nuroniylar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2018 yilgi Sirdaryoga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida viloyat perinatal markazi binosini 2019-2020 yillar davomida ikki bosqichda rekonstruksiya qilish ishlari uchun 11 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, birinchi bosqichda 6 milliard so‘m mablag‘ hisobiga o‘tgan 2019 yilda muassasaning asosiy binosi qayta rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirilgan edi.
Viloyat hokimi tashabbusi bilan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 7 turdagi eng zamonaviy, yuqori texnologik imkoniyatga ega bo‘lgan “My Lab” rusumli ko‘p funksiyaga ega UTT apparati, bolalar va kattalar uchun sun’iy nafas berish apparati, mexanik jarrohlik stoli, jarrohlik xonalari uchun galogenli lampalar, elektro generator-koagulyator, EKG funksiyali defibrillyator monitori bilan vakuumli so‘rg‘ich apparatlari hamda qattiq va yumshoq mebellar olinib o‘rnatildi.

– Shifokorlarimiz tomonidan ushbu tibbiy jihozlar yordamida sirdaryolik ona va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati bir necha marotaba oshgani sirdaryolik ona va bolalarning sog‘ligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etganini va o‘z navbatida, jamoamiz a’zolari uchun juda ulkan qulaylik bo‘ldi, – deydi viloyat perinatal markazi bosh shifokori Hanifa Sodiqova. – Homilador ayollarga yordam ko‘rsatish, chaqaloqlarni perinatal skrining ko‘rigidan o‘tkazish, tug‘ma nuqsonlarni barvaqt aniqlash va nogironlikning oldini olish imkoni tug‘ildi. Avvallari, ultratovush tekshiruvi bilan 40-50 foiz onalar qamrab olingan bo‘lsa, ushbu jihozlar hisobiga 100 foiz skrining tekshiruvini amalga oshirish imkoni yaratildi. Bugun ushbu markazda ikkinchi bosqich loyihasi asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qurilish va ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilib, ginekologiya bo‘limi ham foydalanishga topshirildi. Bu esa Sirdaryo viloyatidagi ayollar va ularning farzandlari uchun yana bir katta qulaylik bo‘ldi. Davolash va xizmat ko‘rsatish imkoniyati va sifati sezilarli darajada oshdi.
Loyiha qiymati 4 milliard 900 million so‘m bo‘lgan 40 o‘rinli viloyat perinatal markazining ginekologiya bo‘limi binosi viloyat hokimligi huzuridagi yagona buyurtmachi injeniring kompaniyasi buyurtmasi asosida “Torgrembыtservis” xususiy korxonasi quruvchilari tomonidan tubdan qayta rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirildi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA