Davlat-xususiy sheriklik doirasida navbatdagi muhim qadam
O‘zbekistonda suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, aholini barqaror va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida xalqaro hamkorlik kengaymoqda.
Xususan, bu borada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov Xitoyning yirik energetika va infratuzilma yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan “China Energy Overseas Investment” kompaniyasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida Navoiy va Samarqand viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilindi. Mazkur tashabbuslar orqali suv ta’minoti infratuzilmasini yangilash, ichimlik suvi sifati va barqarorligini oshirish, shu orqali aholi turmush darajasini yaxshilash ko‘zda tutilgan.

Tomonlar zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish, ilg‘or xalqaro tajribadan keng foydalanish va loyihalarni amaliy bosqichga o‘tkazish masalalarini ham atroflicha ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni izchil davom ettirish, amaliy ishlarni jadallashtirish hamda yaqin kunlarda kelgusi bosqichlarni belgilash yuzasidan kelishuvga erishildi.


Bu kabi hamkorlikdagi loyihalar nafaqat sohadagi tizimli islohotlar taraqqiyotiga, balki investitsiyaviy muhitni yanada takomillashtirishga ham xizmat qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA