Davlat xizmatlari markazlari yangi binoda ish boshladi
Jizzax viloyatining Arnasoy va Sharof Rashidov tumanlarida Davlat xizmatlari markazining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
Arnasoy tuman davlat xizmatlari markazining maxsus loyiha asosida zamonaviy me’moriy uslubda barpo etilgan yangi binosida jamoa xodimlari va fuqarolar uchun barcha qulayliklar mavjud. Elektron navbat, infokiosk, kutish zali, bolalar maydonchasi barpo etilgan. Devorlardagi monitorlarda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi yangiliklar namoyish etiladi.

Inshootda DXMdan tashqari, Prezident xalq qabulxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi ham joylashgani fuqarolarning bir vaqtning o‘zida ham davlat xizmatlaridan foylanish, ham vakolatli organga murojaat qilish imkoniyatini yaratgan. Markazda bankomat, to‘lov kassasi uzluksiz ishlab turibdi.
Sh. Rashidov tumanida ham davlat xizmatlari markazi uchun xuddi shunday zamonaviy bino qurib bitkazildi. Binoni foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan marosim shu tumanda voyaga yetgan yurtimizning atoqli adibi, davlat jamoat arbobi arbobi Sharof Rashidov tavalludining 103 yilligi sanasiga to‘g‘ri kelganligi munosabati bilan yanada tantanali o‘tdi.

Tuman davlat xizmatlari markazi shu vaqtgacha Jizzax shahri hududida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Endi bu muassasa tuman markazi – Uchtepa shaharchasida davlat xususiy sheriklik asosida barpo etilgan barcha qulayliklarga ega yangi zamonaviy binoda ish boshladi.
Boshqa tumanlarda kabi bu binoda ham DXM bilan birgalikda Prezident xalq qabulxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi ham faoliyat yuritadi. Binoda bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, kafe, kichik majlislar zali tashkil etilgan.

Har ikkala tumanda yangi binolar foydalanishiga topshirish marosimlari DXA Jizzax viloyat boshqarmasi rahbariyati, tumanlar hokimliklari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi. Ochilish marosimidan so‘ng yig‘ilganlar markazdagi ko‘rsatilayotgan xizmat turlari, qulayliklar, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Bo‘lib o‘tgan tantanali marosimlarda so‘z olganlar yangi zamonaviy binolarning qurilishi aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash bilan birga tobora obod bo‘layotgan tumanlar ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shilganligini alohida ta’kidlashdi.

O‘tgan yillarda viloyatning Mirzacho‘l, Do‘stlik, Zarbdor, Yangiobod, Forish, Zomin tumanlari va Jizzax shahrida barcha qulayliklarga ega Davlat xizmatlari markazlari binosi foydalanishga topshirilgan edi.
– Prezidentimizning 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Davlat xizmatlari agentligi tizimidagi markazlar viloyatning barcha hududlarini qamrab oldi, – deydi Adliya vazirligi DXA Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Bobur Umurzakov.

– Markazlarning yangi inshootlari qurilishi davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshirilayotgani ularning tez va sifatli bitkazilishida muhim omil bo‘layotir. Aholining kelib-ketishi uchun qulay bo‘lgan hududlarda, zamonaviy innovatsion yondashuvlarga asoslangan inshootlar qurilishi bilan xizmatlar turi ko‘payib, xizmat ko‘rsatish madaniyati o‘smoqda.
Viloyatining barcha hududlarida aholining davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish uchun yangi binolar qurish davom etayotir.