Davlat xizmatlari markazining yangi binosi
Qashqadaryo viloyati Koson tumani davlat xizmatlari markazining yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi.
Qashqadaryo viloyati Koson tumani davlat xizmatlari markazining yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligi rahbari, viloyat va tuman hokimligi xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlash joizki, mazkur maʼmuriy bino davlat xizmatlari markazlari uchun qurilgan viloyatdagi ilk bino hisoblanadi. Unda fuqarolar uchun koʻplab qulayliklar yaratilgan. Xususan, kutish zali, bolalar maydonchasi, kutubxona, bank shoxobchasi, shuningdek, soliq, adliya, FHDYO boʻlimlari maslahatchilari, notarius xizmatlari uchun maxsus xonalar mavjud.
Bundan tashqari, bino ichidagi info-kiosk, elektron navbat olish terminali, 20 ta xizmat koʻrsatish oynasining oʻrnatilgani fuqarolarning navbatda turishiga hojat qoldirmaydi. Tumandagi chekka-chekka qishloqlarga borib sayyor davlat xizmatlari oʻtkazish uchun yangi “DAMAS” avtomobili ajratilgan.
– Davlat xizmatlari markazimiz uchun zamonaviy, barcha qulayliklarga ega maʼmuriy binoning ochilishi aholimizga davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi, –deydi Koson tumani davlat xizmatlari markazi rahbari Abdurashid Raimov. – Xususan joriy yilning oʻtgan davrida fuqarolarga 65 ming 126 ta davlat xizmatlari koʻrsatildi. 2018-yilda bu koʻrsatkich 40 ming 859 tani tashkil qilgan edi. Demak yildan yilga aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish qamrovi kengaymoqda. Xalqimizning ogʻirini yengil qilish, ularga barcha sohalarda namunali, shaffof davlat xizmatlari koʻrsatish oliy maqsadimizdir.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Roʻziyev soʻzga chiqdi.