Davlat xizmatlari markazi yangi binoda
Yangi yil shodiyonalari arafasida Jizzax viloyatining Forish tumanida davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Yangi yil shodiyonalari arafasida Jizzax viloyatining Forish tumanida davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Markaz binosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiquvchi Bosh vazir qabulxonasi, kutubxona, ona va bola maydonchasi, infokiosk, elektron navbat qurilmasi mavjud. Davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan zamonaviy binoda xizmatchilar va mijozlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Tantanali ochilish marosimida tuman xokimligi, davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarlari nuroniylar, mahalla faollari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
– Yangi yil bayrami arafasida davlat xizmatlari markazi yangi binosining bitkazib foydalanishga topshirilishi tumanimiz markazi chiroyiga chiroy qoʻshishi bilan birga odamlarga qulaylik yaratdi, – deydi mehnat faxriysi Amirbek Abdulhakimov. – Markazda barcha xizmatlarning koʻrsatilayotgani odamlarning ham vaqtini, ham pulini tejayapti. Markaz yangi binoga oʻtishi bilan xizmat koʻrsatish yanada yaxshilanadi. Davlatimiz tomonidan odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilishda yaratilayotgan bunday qulayliklardan behad minnatdormiz.
Tadbir ishtirokchilari tuman davlat xizmatlari markazida tashkil etilgan xizmatlar, qulayliklar bilan tanishdi.
2019-yilda tuman DXM xodimlari tomonidan 25 mingga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatildi. Shundan 636 tasi sayyor tartibdagi xizmatlardir. Markaz xodimlari tomonidan 1 ming 282 ta tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatdan oʻtkazildi. Shuningdek, 547 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti va 9 ta xorijiy korxona tashkil etildi.
Ushbu yangi bino 2019-yilda davlat xizmatlari tuman markazlari uchun qurilgan beshinchisidir.