Davlat xizmatchisi qanday bo‘lishi kerak?
Bugun davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zining odob-axloqi, yurish-turishi, odamlar bilan munosabatdagi muomalasi, fuqarolarning og‘irini yengil qilish, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish kabi alohida fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik ruhida tarbiyalashdagi roli va ishtiroki muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan davlat xizmatchisida davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish, mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shioriga aylantirish, murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish kabi muhim fazilatlar bo‘lishi kerakligi mustahkamlab qo‘yildi.
Davlat xizmatchisi faoliyatini belgilangan tartib va me’yorlar asosida olib borishi, o‘zidagi yuksak insoniy fazilatlar bilan odamlarga manzur bo‘lishi lozim. Shunda uning faoliyati samarali bo‘ladi, qolaversa, u orqali odamlarning davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonch va umidi mustahkamlanadi.
Mamlakatimizda Davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish borasida bir qator yutuqlarga erishilgan bo‘lsada, afsuski davlat boshqaruvidagi ayrim rahbar xodimlarning turli darajada o‘z xizmat vazifasini suiiste’mol qilish holatlari ham uchrab turibdi. Mavjud illatlarning ijtimoiy sabablarini aniqlash, ularni keltirib chiqarayotgan omillarni tahlil etishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
bugungi kunda davlat xizmatchisi, tashabbuskor, bilimdon, yuksak madaniyatli, halol va o‘z kasbining ustasi bo‘lishi kerak. Bunday xodim har qanday vaziyat va sharoitga to‘g‘ri yondasha oladi, hodisa va voqealarga dadil, odil va xolisona baho beradi, haqiqiy talab va adolatli ish uslubini vujudga keltiradi, mehribon inson sifatida katta mavqega ega bo‘ladi.
“Davlat xizmatchisining fazilatlari” tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi boshqaruv sohasida garchi hali ko‘p tadqiq etilmagan, qonuniy asoslari bosqichma-bosqich shakllanib borayotgan bo‘lsa-da, o‘zbek davlatchilik tarixida bu borada ko‘plab ma’lumotlar mavjud. Jumladan, Abu Nasr Farobiy “Fozil odamlar shahri” asarida o‘z davri va keyingi davr davlat xizmatchisi uchun lozim bo‘lgan “12 ta fazilat va xislatlar” ni keltirib o‘tgan.
Asarda keltirilishicha, rahbar shaxs sog‘lom, suhbatdoshining fikrlarini tez tushunadigan, fikrini ravshan tushuntira oladigan, nafsini tiya oladigan, adolatli, bilimli, oriyatli, qat’iyatli bo‘lishi kerak.
Shu o‘rinda davlat arbobi va buyuk mutafakkir Alisher Navoiy fikrlariga e’tibor qaratsak. “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami”. Ulug‘ bobomiz bu bilan bizga dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini, xalq g‘amini o‘ylamay yashaydigan fazilatsiz insonni odamlar qatoriga qo‘shib bo‘lmasligini ta’kidlaganlar.
Buyuk davlat arbobi Amir Temurning “Temur tuzuklari” davlat boshqaruvi va davlat xizmati rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Unda, ayniqsa, davlat xizmati sohasida faoliyat yurituvchi kadrlar uchun ta’kidlangan sifatlar bugungi kunda ham dolzarbdir.
Ma’lumki, Amir Temur “Kuch – adolatdadir” degan shiorga qat’iy rioya qilgan holda mamlakatni boshqargan. Sohibqiron mazkur shiorga o‘zi amal qilish bilan birga vazirlarni ham unga amal qilishga undagan. Vazirlar, davlat xizmatchilariga qo‘yilgan boshqa sifatlar aynan shu shiordan kelib chiqib shakllangan, deyish mumkin.
Sohibqiron adolatparvarlik, vatanga sadoqat, qat’iyat kabi fazilatlarni ulug‘lagan. Xushmuomalalik, sabr-matonatlilik, odillik kabi sifatlarni o‘zida mujassam qilgan Sohibqiron boshqa amaldorlardan ham shunday fazilatlarni talab qilgan.
Amir Temur hukmdorning mansabdor shaxslarni tanlab olish va ularni joy-joyiga qo‘yish qobiliyatini hokimiyatni amalga oshirish va mustahkamlashning bosh sharti, deb hisoblagan. Jumladan, “Temur tuzuklari”da ta’kidlanganidek, vazir lavozimiga nomzod shaxslar quyidagi to‘rt fazilatga ega bo‘lishi lozim bo‘lgan. Birinchisi – asillik, toza nasllilik, ikkinchisi – aql, farosatlilik, uchinchisi – sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalada bo‘lishlik, to‘rtinchisi – sabr-chidamlilik va tinchliksevarlik.
Albatta, ushbu fazilatlar egasi bo‘lgan davlat xizmatchilari bugungi kunda ham yuksak qadrlanib, bunday davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularni joy-joyiga qo‘yish muhim vazifalardan biridir. Barchamizga ma’lumki, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” gi qonunda davlat fuqarolik xizmatiga kirish tanlov asosida nomzodni davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlash orqali amalga oshirilishi mustahkamlab qo‘yildi.
Nomzodning alohida qobiliyatlari, shu jumladan, uning kasbiy-ma’naviy fazilatlari va alohida xizmatlarini xolisona va adolatli baholashda meritokratiya tamoyili qo‘llanilayotganligi tanlov jarayonlarining samarali bo‘lishiga zamin yaratmoqda. Qolaversa, davlat fuqarolik xizmatchilarining rahbarlik lavozimlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida davlat fuqarolik xizmatchilarini markazlashtirilgan holda saralab olish, tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Darhaqiqat, Davlat fuqarolik xizmati munosabatlarida davlat xizmatchisining odob-axloqi va uning fazilatlari muhim o‘rin tutadi. Zero davlat xizmatchisining axloqiy fazilatlarini tarbiyalamasdan, uning shaxsiy va professional qobiliyatini rivojlantirmasdan turib, ulardan samarali faoliyatni kutib bo‘lmaydi. Davlat xizmatchisi aholini qiynab kelayotgan muammolar yechimini ta’minlaydigan shaxs bo‘lib, u halol va adolatli, xizmat vazifasiga sadoqat va mas’uliyat bilan yondashadigan, umuman insonlar bilan bo‘ladigan muomalada har tomonlama o‘ylab, muomala qilish qoidalariga rioya qilish fazilatlariga ega bo‘lishi lozim.
Davlat xizmatida bunday tamoyillarning davlat va jamiyat rivojida muhim omil bo‘lib xizmat qilganligini rivojlangan davlatlar tajribasidan ham bilish mumkin. Masalan, “Osiyo yo‘lbarsi” deb nom olgan Singapurning rivojlanishida yuqori malakali va axloqiy fazilatlarga ega davlat xizmatchilarining o‘rni nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
Bu haqda 25 yil Singapur Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritib, o‘z mamlakatini qoloq davlatdan dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqqan Li Kuan Yu shunday deydi: “Hukumatda layoqatli vazirlar va ularga yordam bergan yuksak axloqiy fazilatlarga ega davlat xizmatchilarining borligi Singapurning muvaffaqiyatli taraqqiyotini ta’minlashda asosiy, hal qiluvchi omilga aylandi”.
Milliy ma’naviyatimizning qadim udumiga ko‘ra rahbarning, yurt boshqaruvchining eng asosiy fazilati adolat sanalgan.
Davlatimiz rahbari yaqinda Navoiy viloyatiga tashrifi davomida xalq deputatlari viloyat Kengashida nutq so‘zlar ekan rahbarlardan o‘z faoliyatida adolatli va xalqparvar bo‘lishi lozimligi, o‘zini qiynab xalqning ishonchini qozonishi va uni rozi qilib yashashi kerakligini alohida ta’kidladilar.
Darhaqiqat, davlat xizmatchisi o‘z vazifasini nafaqat ijro etishi, balki uni qanday ijro qilishi ham muhim masala. Uning xalq oldidagi mas’ulligini his qilishida kasbiy salohiyatidan tashqari, uning shaxsiy sifat va fazilatlarini belgilovchi mexanizmlarni shakllantirish lozim. Zero, jamiyatda qonun ustuvorligiga erishish uchun qonunlarga rioya etish majburiyatga emas, insoniy fazilatga aylanishi lozim.
Bunday insonlarning hayot tamoyilida ezgulik, bunyodkorlik, halollik, adolat ustuvor bo‘ladi. Aslida ana shunday insoniy aqida har bir davlat xizmatchisi faoliyatida namoyon bo‘lishi lozim. Chunki axloq insonning shaxsiy qadriyati sifatida uning faoliyatiga ko‘chadi va uni samarali qiluvchi kuchga aylanadi.
Zafar Sultonov,
Davlat xizmatini
rivojlantirish agentligi
Navoiy viloyati filiali rahbari
O‘zA