Davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari
Davlat xizmatchilarining ish faoliyati davomida amal qilishi lozim bo‘lgan odob-axloq qoidalarini bilmasligi, ularning aniq bayon etilmasligi va bunday turdagi qoidalarning amal qilinishi ustidan lozim darajadagi nazoratning olib borilmasligi davlat xizmati sohasida suiiste’mollik va turli korrupsiya holatlarini kelib chiqishiga omil bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14 oktyabr kuni “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamkorligida Parkent tumanida korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlar ishtirokida “Davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid Bobajanov ishtirok etdi.
Parkent tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Gulboy Rahmonqulov seminar ishtirokchilariga “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning mazmun-mohiyati haqida gapirib berdi.
Xususan, odob-axloq qoidalari davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan. Har bir mutaxassis faoliyatida amal qiladigan prinsiplar, ishdan tashqari vaqtda xulq-atvori, davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish, mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollik, murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga ko‘maklashish, xushmuomalalik, e’tiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uyg‘otish va davlat xizmatchisining boshqa muhim jihatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Seminarda tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan tadbir ishtirokchilariga Mobile-ID tizimiga belgilangan havola orqali ulanish va undan foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, Toshkent, Qibray tumanlarida ham mazkur qarorning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlari tashkil etildi.
A.Musayev, O‘zA.