Davlat xizmatchilari o‘rtasida kitobxonlik tanlovi
Marhamat tumanidagi Yoshlar kutubxonasida “Kitobxon davlat fuqarolik xizmatchisi” tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyati filiali hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etildi. Kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ adib va mutafakkirlarning boy ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash, yoshlar ongiga singdirish, davlat xizmatchilarining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda kitobxon xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda saralab olingan 30 nafar davlat xizmatchisi ishtirok etdi.
– Tanlov ishtirokchilarini saralab olish uchun dastlab “esse” yozish bo‘yicha onlayn tanlov e’lon qilindi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov. – Viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarning 300 nafardan ziyod davlat xizmatchisi o‘zlari tayyorlagan esselarni yuborib, tanlovda ishtirok etish istagini bildirdi.
[gallery-18420]
Nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan yuborilgan esselar saralanib, eng yaxshi deb topilgan 30 ta esse muallifi tanlovning asosiy bosqichida ishtirok etish uchun saralab olindi.
Ishtirokchilar uyg‘onish davri, davlat boshqaruvini tashkil etish va jahon adabiyotiga oid kitoblar asosida belgilangan shartlar bo‘yicha o‘zlarining bilim, mahorat va salohiyatlarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Andijon viloyati boshqarmasi Buloqboshi tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimasi Shahnozaxon Qosimova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, diplom, noutbuk hamda kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
– Ishdan, oila yumushlaridan bo‘shadim deguncha, kitob o‘qiyman, – deydi tanlov g‘olibasi Shahnoza Qosimova. – Tanlovga tayyorgarlik va ishtirok etish jarayonida ko‘p kitoblar o‘qidim. Ayniqsa, davlat boshqaruvini tashkil etish, kasbiy faoliyatimga oid kitoblarni o‘qiganim menga juda qo‘l keldi. Tanlovda ishtirok etganimdan, g‘olib bo‘lganimdan behad xursandman. Bu barcha tanlov qatnashchilarining kelgusida samarali ish olib borishiga yordam beradi.
Tanlovda ikkinchi va uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan Andijon viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi Obidjon Usmonov va Andijon viloyati soliq boshqarmasi xodimasi Mahsumaxon Oqqo‘ziyeva diplom, televizor, planshet hamda kitoblar jamlanmasi bilan mukofotlandi.
Shuningdek, mazkur tanlov doirasida tuzilgan Ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilib, kitobxonlikni keng targ‘ib etish, ommalashtirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha namunali ish olib borayotgan viloyat tashkilot va boshqarmalari ham aniqlandi.
Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, tanlovning “Kitobxon tashkilot” yo‘nalishi bo‘yicha Andijon viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Andijon viloyati transport boshqarmasiga, uchinchi o‘rin esa Andijon qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga nasib etdi.
G‘olib tashkilotlar kitob javoni va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari