Davlat xaridiga oid tanlovda yaqin qarindoshlar “raqobatlashdi”
Davlat xaridini amalga oshirishda adolat bo‘lishi uchun xaridlar tanlov asosida, shaffoflikni ta’minlagan holda o‘tkazilmoqda.
Shunday sharoitda ham tanlovlarda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish, qarindoshlar bir-birini himoya qilishi yoki o‘zaro raqobatlashishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani uchramoqda.
Vaholanki, bunday tanlovlarda yaqin qarindoshlar – afillangan shaxslar toifasiga kiritilib, ular bir tanlovda ishtirok etishi taqiqlanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “Hokimning yashirin qarori va bir-biriga begona bo‘lmagan pudratchilar haqida” nomli xabarda keltirilgan holatlar o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Prezidentimizning 2023 yil 9 fevraldagi “Toshkent shahrining ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini jadal sur’atlarda hal etish hamda aholi farovonligini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga asosan Toshkent shahrining har bir mahallasiga mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun bir milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgan.
Ushbu qarorga asosan Olmazor tumanida joylashgan 64-mahallaning infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha rejalashtirilgan 64 milliard so‘mlik ishlarni bajarish yuzasidan pudratchilar ichki tanlov asosida tanlab olingan.
O‘rganishda buyurtmachi tomonidan 10,1 milliard so‘mlik ikkita tanlovni o‘tkazish jarayonida “Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning 42-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi.
Jumladan, tuman obodonlashtirish boshqarmasining xarid komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarda o‘zaro raqobatlashgan “S.Q”, “O.H.G.», “N.A.» hamda “A.P.T” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning rahbar va ta’sischilari yaqin qarindoshlar bo‘lib, o‘zaro affillangan shaxslar ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Biroq, xarid komissiyasi tomonidan affillangan shaxslar xarid qilish jarayonidan chetlatilmasdan “Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning 10-, 14-, 23-, 42-moddalari va “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 14-moddasi talablari buzilgani aniqlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, shu va boshqa qonun buzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborildi.
N.Abduraimova, O‘zA