Davlat tilini rivojlantirishning muhim masalalari
Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi P.Dabilov joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqidagi axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, qaror asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 mart kungi majlis bayoni ijrosini ta’minlash yuzasidan joriy yilning aprel, may oylarida tuman va shahar hokimliklari tomonidan geografik ob’ekt nomlari to‘lig‘i bilan qayta xatlovdan o‘tkazildi.

Joriy yilning 5 sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi majlisida Nukus shahri va tumanlar hokimliklari komissiyalari tomonidan qayta xatlovdan o‘tkazilgan shaharcha, qishloq, ovul, aholi punkti, mahalla va ko‘chalarning nomlari bo‘yicha bergan takliflari muhokama qilindi. “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga javob bermaydigan nomlar o‘zgartirildi va qayta nomlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasining majlis bayoni tasdiqlandi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlash uchun tuman va shahar hokimliklariga taqdim etildi.
Tashqi yozuvlarni tartibga keltirish yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2020 yil 16 mart kuni chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ushbu rejada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, tashkilotlar, idoralar hamda muassasalarda, shuningdek, ularning hududida o‘rnatilgan tashqi yozuvlar, peshlavhalar, e’lonlar, reklama va ko‘rgazmali axborot matnlarining davlat tilida bo‘lishini ta’minlash yuzasidan tuman (shahar) hokimliklarida mutasaddi tashkilotlar xodimlari va mutaxassislardan iborat doimiy ish olib boruvchi jami 18 ta ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhlar tomonidan shahar va tumanlarda bu borada olib borilayotgan ishlar bo‘yicha monitoring o‘tkazilib, o‘rin olgan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Davlat tilini ulug‘lovchi tasviriy targ‘ibot materiallari tayyorlanib, katta yo‘l bo‘ylariga va markaziy ko‘chalarga o‘rnatildi. Jumladan, aprel, may, iyun oylarida tuman (shahar) hokimliklari tomonidan jami 17 ta banner o‘rnatilgan bo‘lsa, 21-25 sentyabr kunlari barcha tuman (shahar)larning markaziy ko‘chalariga 21 oktyabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan tayyorlangan jami 57 ta tashqi targ‘ibot vositasi o‘rnatildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 20-30 aprel kunlari umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida «Ona tilim-g‘ururim» mavzusida Respublika onlayn-insholar tanlovi o‘tkazildi. Joriy yil 9 oy davomida tuman va shahar hokimliklari maslahatchilari tashabbusi bilan jami 38 ta tanlov o‘tkazilib, ularda 3264 nafar o‘quvchi-yosh ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 martdagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazning Qoraqalpog‘iston bo‘yicha hududiy bo‘linmasi Qoraqalpoq davlat universiteti huzurida 2020 yil 2 sentyabrdan o‘z faoliyatini boshladi.

O‘tgan 4 yil bilan taqqoslaganda, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”, “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida” va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga rioya etish borasidagi ishlar bir tizimga solinishiga erishildi.
Ushbu sohadagi muammolarni ijobiy hal qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, davlat tilining mavqeini xalqaro maydonlarda ko‘tarish yuzasidan o‘tkazilayotgan islohotlar mamlakatimizda davlat tiliga bo‘lgan ishlarning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini ko‘rsatadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev ishtirok etdi va kelgusidagi vazifalarga to‘xtaldi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA