Davlat tilida ish yuritishni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam
Til har qanday mamlakatning yuzi va millat ruhining ko‘zgusidir. Shu ma’noda, davlat tili hisoblangan o‘zbek tilining maqomi va nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi “Respublikada davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda davlat tilida ish yuritishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Mazkur hujjat shunchaki rasmiy hujjat emas, balki o‘zbek tilining jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash va uning chinakam davlat tili sifatida to‘liq shakllanishini ta’minlashga qaratilgan strategik islohotdir.
Qarorga muvofiq, respublika va mahalliy darajadagi barcha davlat organlari hamda hokimliklarda rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi to‘liq, samarali yo‘lga qo‘yilmoqda. E’tiborli jihati, ushbu maslahatchilarning maqomi va imtiyozlari tashkilot rahbarining o‘rinbosariga tenglashtirildi. Bu esa soha vakillariga katta vakolat berish orqali tizimli muammolarni tezkor hal etish imkonini yaratadi.
Maslahatchilarning asosiy vazifasi davlat idoralaridagi me’yoriy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish bilan cheklanib qolmaydi. Ular hududlardagi tashqi yozuvlar, peshlavhalar, reklama va e’lonlar matnining qonun hujjatlariga mos kelishini nazorat qiladi. Bu chora-tadbirlar ko‘chalarimizdagi til buzilishi holatlariga chek qo‘yish va sof o‘zbek adabiy tili muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Ushbu lavozimga nomzodlarni tanlashda ham qat’iy va shaffof mezonlar belgilandi. Maslahatchilikka asosan o‘zbek filologiyasi va jurnalistika sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan hamda maxsus sertifikatga ega mutaxassislar jalb etiladi. Eng muhimi, ushbu maslahatchilarning vazifalarini boshqa bo‘limlarga yuklash yoki ularning shtat birligini qisqartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yana bir yangilik o‘zbek tilini zamonaviy raqamli texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt bilan integratsiya qilish vazifasi qo‘yilganidir. 2027-yilning 1-dekabriga qadar yaratilishi ko‘zda tutilgan sun’iy intellekt platformasi o‘zbek tilidagi matnlarni ovozli nutqqa aylantirish, xorijiy tillarga tarjima qilish va foto-videolardagi matnlarni o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu o‘zbek tilining global internet makonida munosib o‘rin egallashini ta’minlaydi.
Qarorda ijro intizomi va mas’uliyat masalasiga ham jiddiy yondashilgan. Davlat idoralari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi uchun shaxsan javobgar etib belgilandi. Maslahatchilarning faoliyati esa har chorakda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu qaror ona tilimiz sofligini saqlash, uni ilm-fan va yuqori texnologiyalar tiliga aylantirishda muhim poydevor bo‘ladi. Hujjatda belgilangan vazifalarning sifatli bajarilishi esa jamiyatimizning ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladi.
Azizbek Abduvaliyev,
Namangan shahar hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
O‘zA