Davlat tili – mustaqillik timsoli (+video)
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Markaziy istirohat bog‘ida O‘zbek tili bayrami va “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganligining 35 yilligi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilarini Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimov o‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi. O‘zbek tilining nufuzini oshirish, Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning ijrosini ta’minlashda nafaqat davlat idoralari, balki har bir fuqaro mas’ulligi ta’kidlandi.
– Hozir ota-onalar farzandlariga xorijiy tillarni o‘rgatishga alohida e’tibor beryapti, bundan xursand bo‘lish kerak, – dedi S.Karimov. – Lekin farzandlarimiz avvalo ona tili bo‘lgan o‘zbek tilini puxta o‘rganib olishi, shu til vositasida tafakkuri shakllanishi, dunyoqarishi paydo bo‘lishi lozim. Bu mayda masala emas, xalqning, millatning ertasi bilan bog‘liq vazifa.
Samarqand davlat universiteti Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Emrah Yilmaz o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirdi.
[gallery-19904]
– Samarqand davlat universiteti Turkologiya institutida va filologiya fakultetida talabalarga turk tili va g‘arb tillaridan dars beraman – deydi Emrah Yilmaz. – Shu bilan birga professor Jo‘liboy Eltazarov rahbarligida turkman adabiyotining yirik vakili Maxtumquli Firog‘iy ijodi bo‘yicha dissertatsiya yozdim va o‘zbek tilida himoya qildim. Men uchun Navoiy qadami yetgan zaminda bo‘lish, Navoiy tilida gapirish cheksiz faxr. Zero Alisher Navoiy turk tili va adabiyoti rivojiga juda katta hissa qo‘shgan ulug‘ allomadir. Davlat tili – mustaqillik timsollaridan biri, qadriyatlarning bardavomligi ona tiliga bog‘liq.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, ijodkorlar, talabalar, turli millatga mansub yoshlar o‘zbek tili haqida she’rlar o‘qidi. Ona tili madh etilgan qo‘shiqlar ijro etildi.
Viloyat va shahar hokimligi, ta’lim muassasalari, ijodiy uyushmalar tomonidan bog‘ markazidagi hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Shundan so‘ng viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, maktablar va boshqa tashkilotlarda o‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar, anjuman va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Viloyat musiqali drama teatrida konsert dasturi namoyish etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/H6QYrxsjsdU" title="Davlat tili – mustaqillik timsoli" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat, video), O‘zA muxbirlari