Davlat tili – milliy ma’naviyatimiz timsoli
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Geologiya-qidiruv va Kon metallurgiya fakultetida talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida “O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 34 yilligi munosabati bilan “Davlat tili – milliy ma’naviyatimiz timsoli” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni fakultet dekani Sunnatillla G‘oibnazarov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng so‘zga chiqqan kafedra mudiri, professor Rahbar Xoliqova, O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Hojiyeva o‘z chiqishlarida til millat ko‘zgusi, milliy boyligimiz ekanligi, uni asrab-avaylashimiz kerakligi, millat bor ekan, uning tili ham yashashi, til yashar ekan, millat ham boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘lishi borasida so‘z yuritdi.


O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Turob Niyoz esa ona tilimizga davlat tili maqomi berilgani mislsiz voqea bo‘lganligi, bugungi kunda barcha davlat hujjatlari, davriy nashrlar, darsliklar ona tilimizda yozilayotganligi haqida gapirdi va tilimizga bag‘ishlangan o‘z she’rlaridan o‘qib berdi. Talabalar ham o‘z navbatida yurtimiz hamda ona tilimizga bag‘ishlangan she’rlardan namunalar o‘qishdi, raqs va qo‘shiqlar ijro etishdi.
Tadbir g‘oyatda qizg‘in va tafsilotlarga boy tarzda o‘tdi.

O‘zA