Davlat tibbiy sug‘urtasi o‘zi nima, u qanday tartibda ishlaydi?
Andijonda “Sog‘liqni saqlash tizimidagi yangi islohotlar va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish jarayonlari” mavzusida press-tur va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hamda Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan press-tur ishtirokchilari dastlab Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazi Andijon filiali laboratoriyasi faoliyati, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, ayni paytda bu yerda davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlashdi.
– Filialimizda tibbiy sug‘urta tizimi asosida xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan, – deydi filial bosh shifokori Guljahon Hakimova. – Qator qulaylik va afzalliklarga ega ushbu tizim bemorlarga manzur bo‘lmoqda. Ushbu tizimning joriy etilishi bilan ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinmoqda, jarrohlik amaliyotlari, radioterapiya muolajalari, umuman, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati ortmoqda.
Jurnalist va blogerlar Asaka tumanida aholini bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha reimbursatsiya jarayonlari bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, Reimbursatsiya dasturi doirasida Asaka tumanida 4 mingdan ortiq bemor imtiyozli retsept asosida dori vositalari bilan ta’minlandi. Qolaversa, ushbu tizim orqali ayrim toifadagi bemorlar uchun dori-darmonlar davlat tomonidan qisman yoki to‘liq qoplab berildi.
Press-tur yakunlanganidan so‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialida soha mutasaddi va mutaxassislari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma’lumki, har bir fuqaroning asosiy huquqlaridan biri bu sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishdir. Oila byudjet uchun og‘irlik qilmaydigan, sifatli va bepul tibbiy xizmatlarni ta’minlash maqsadida yurtimizda Davlat tibbiy sug‘urtasi joriy qilinmoqda.
Dastlab davlat tibbiy sug‘urtasi 2021-yilda Sirdaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etilgan. Yig‘ilgan tajriba va tahlillar asosida 2024-yilda Toshkent shahri va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich ishga tushirildi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi o‘zi nima? U qanday tartibda ishlaydi? Bu savollar albatta, ko‘pchilikni qiziqtiradi.
– Davlat tibbiy sug‘urtasi bu aholini kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashga qaratilgan davlat dasturidir, – deydi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Andijon viloyat bo‘limi boshlig‘i Shukrullo Boltaboyev. – Ushbu tizim asosida fuqarolarga “Kafolatlangan paket hajm” doirasida shoshilinch yordam, terapevt va boshqa mutaxassislar qabullari, tekshiruvlar, jarrohlik amaliyotlari, dori-darmon bilan ta’minlash va reabilitatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
Bu xizmatlardan foydalanish uchun fuqarolar doimiy ro‘yxatda turgan oilaviy shifokor orqali tibbiy xizmatga murojaat qiladilar. Muhimi, sug‘urta avtomatik joriy etiladi, fuqarolardan hech qanday ariza badal va boshqa to‘lovlar talab etilmaydi. Ammo, oilaviy shifokor bilan doimiy aloqada bo‘lish tavsiya etiladi. Murakkab holatlarda mutaxassisga elektron yo‘llanma beriladi.
Содda qilib aytganda, davlat tibbiy sug‘urtasi – fuqaroning sog‘lig‘ini davlat tomonidan himoya qilish tizimi hisoblanadi, ya’ni, sug‘urta orqali aholi bepul yoki arzonlashtirilgan tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bunda davlat har bir insonning sog‘lig‘ini kafolatli himoya qiladi va tibbiyot tizimini moliyalashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan viloyatdagi tibbiyot tashkilotlarida tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etilishi belgilangan.
Ana shu qaror ijrosi doirasida Andijon viloyatidagi 260 ta davlat va xususiy tibbiyot muassasasi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma imzolagan.
Tahlillarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki uch oyida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga murojaatlar 9,1 foizga ortgan. Bu aholining tibbiy xizmatlarga ishonchi ortayotgani va profilaktik tibbiyotga e’tibor kuchayganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, ayni paytda viloyatdagi qator davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida imtiyozli toifadagi fuqarolar uchun yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa aholiga qimmat va murakkab tibbiy xizmatlardan ham kengroq foydalanish imkonini yaratmoqda.
[gallery-29593]
Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (fotosi), O‘zA