Davlat tibbiy sug‘urtasi: amaliyot va samara
Sirdaryoda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bilan bog‘liq ishlar muhokama etildi.
So‘ngi paytlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, aholini tibbiy tizimga emas tibbiy tizimni aholiga yaqinlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda dunyodagi ko‘pgina rivojlangan davlatlarda tatbiq etilgan, aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatishning yangi usuli davlat tibbiy sug‘urta tizimi bilan bog‘liq ishlarni yurtimizda ham joriy etish, aholiga namunali va kafolatlangan paket doirasida xizmat ko‘rsatish ishlari boshlab yuborildi.
Respublikamizda ilk bor sinov tariqasida davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, aholiga belgilangan tartibda tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi ishlar Sirdaryo viloyatida yo‘lga qo‘yildi.

Sirdaryoda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashabbusi bilan "Tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishining yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish" mavzusida o‘tkazilgan seminarda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi bilan bog‘liq ko‘pgina masalalar muhokama etildi.
Tadbirda Prezident maslahatchisi Laziz To‘ychiyev, Sog‘liqni saqlash vaziri Bekzod Musayev, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijrochi direktori Farrux Sharipov, Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, boshqarma tizimidagi Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 4-sonli oilaviy poliklinikada yangi mexanizm asosida yo‘lga qo‘yilgan tibbiy xizmat turlari bilan yaqindan tanishildi.
Sirdaryo viloyati hokimligining qabullar uyida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda joriy etilgan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolar muhokama etilib, tadbir tashkilotchilari tomonidan soha xodimlariga muhim topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA