Davlat mukofotlari topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirish, milliy ma’naviyatimizni boyitish, xalqimizning madaniy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, boy tarixiy-madaniy asrab-avaylash hamda Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi samarali mehnatlari uchun bir guruh madaniyat, san’at va adabiyot namoyandalari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Ular orasida Sirdaryo viloyatida madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan bir qator fidoyi insonlar ham borligi viloyat ahlining haqli iftixoriga aylandi. Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati hokimligida davlat mukofotlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, mukofot sohiblarini samimiy qutladi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda madaniyat va san’at ahliga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ijodkorlar mehnatining munosib qadrlanayotgani Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash siyosati amaldagi ifodasini topayotganini ta’kidladi.
Prezident Farmoniga ko‘ra, Mirzaobod tumani madaniyat bo‘limi qoshidagi “Dilrabo” bolalar ashula va raqs ansamblining badiiy rahbari Nabijon Hakimov “Do‘stlik” ordeni, Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyori Nigora G‘oyibnazarova esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Bu yuksak mukofotlar soha vakillarining ko‘p yillik halol mehnati, ijodiy izlanishlari va xalq ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlariga berilgan munosib bahodir.
Ayniqsa, Nabijon Hakimovning madaniyat sohasidagi faoliyati alohida e’tirofga loyiq. U uzoq yillardan buyon yosh avlod qalbiga milliy qo‘shiq va raqs san’atiga muhabbat uyg‘otib kelayotgan jonkuyar madaniyat xodimlaridan biri hisoblanadi. U rahbarlik qilayotgan “Dilrabo” bolalar ashula va raqs ansambli yuzlab iste’dodli yoshlarni tarbiyalab, ularning san’at olamida o‘z o‘rnini topishiga xizmat qildi. Ansambl a’zolarining turli respublika va xalqaro tanlovlardagi muvaffaqiyatlari ham ana shu mehnatning samarasidir.

Nabijon Hakimov ijodkor sifatida ham keng jamoatchilikka yaxshi tanish. Uning “Alyor”, “Fido”, “San’atim — saodatim”, “Madaniyatga nazar” kabi kitoblari madaniyat va san’at sohasidagi boy tajribasi, hayotiy kuzatuvlari va ma’naviy qarashlarini aks ettirishi bilan ahamiyatlidir. Bu asarlar milliy qadriyatlarimiz va madaniyatimizni targ‘ib qilishda muhim manba bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyori Nigora G‘oyibnazarovaning ham teatr san’atini rivojlantirish, sahna asarlarining badiiy saviyasini oshirish va tomoshabinlar qalbidan joy olgan spektakllarni sahnalashtirish borasidagi xizmatlari munosib e’tirof etildi. Uning ijodiy faoliyati viloyat teatr san’atining rivojiga sezilarli hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.
Tantanali marosimda madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar hamda jamoatchilik faollari ham ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar mukofot sohiblarini tabriklab, ularning kelgusida ham milliy madaniyatimiz va san’atimizni rivojlantirish yo‘lida yangi yutuqlarga erishishlari uchun tilak bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA