Davlat mukofoti sovrindorlari sharaflandi
Navoiy viloyati hokimligi tantanalar zalida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, orden va medallar bilan mukofotlangan bir guruh xotin-qizlar va “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Bugun yurtimizda barcha sohalarda samarali mehnat qilib, yurt tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda hamda ularning mehnati munosib baholanmoqda.
Yaqinda o‘zining ko‘p yillik samarali mehnati, boy tajribasi bilan bugungi tub islohotlarimizda faol qatnashib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan opa-singillarimizning bir guruhi orden va medallar bilan mukofotlangan edi. Shuningdek, respublikamizning turli hududlarida o‘zining iqtidori, izlanuvchanligi, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yurtimiz yoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 28 nafar qizlarimizga “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti topshirildi.
[gallery-10936]
Ular orasida Navoiy viloyatidan turli orden va medallarga sazovor bo‘lgan 4 nafar xotin-qiz, 2 nafar “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari bor.
– Bu mukofot menga ko‘proq o‘qib, yetuk mutaxassis bo‘lishim uchun yanada yuksak mas’uliyat yuklaydi, – deydi “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sovrindori Lobarxon Jalolova. – Hozirda Navoiy davlat pedagogika instituti ingliz tili va adabiyoti fakulteti 2-bosqich talabasiman. Shu bilan birga bir necha yillar davomida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati sardori sifatida faoliyat yuritdim. Viloyat teleradiokompaniyasida jamoatchilik asosida turli ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlab kelaman. Erkin tarjimon va gidlik faoliyati bilan shug‘ullanaman. Kelgusida Yurtboshimiz ishonchini oqlagan holda Vatanim taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shaman.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarimiz mehnatini alohida e’tirof etgan holda mo‘’tabar ayol zotiga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi hamda mukofotlanganlarga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA