Davlat mukofoti o‘z egasiga yetkazildi (+video)
Prezidentimizning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan joriy yil 6 martdagi farmoniga asosan ko‘plab yurtdoshlarimiz qatori to‘rt nafar Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi ayollar ham Davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jumladan, Jizzax Davlat pedagogika universitetining umumiy tarix kafedrasi professori Faniya Axmedshina “Mehnat shuhrati”, “Hunarmand” uyushmasi Jizzax viloyati boshqarmasi a’zosi, quroqchi Arzixan Alimova “Do‘stlik”, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filiali nevrologiya bo‘limi mudiri Zamira Xolmurodova II darajali “Salomatlik” ordenlari bilan, Sharof Rashidov tumanidagi “Mahmuda Zarina Zarifa” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Mahmuda Ziyatova “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.


Mamlakatimiz poytaxtida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida sog‘ligi yaxshi bo‘lmagani bois ishtirok etolmagan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filiali nevrologiya bo‘limi mudiri Zamira Xolmurodovaning xonadoniga Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev borib II darajali “Salomatlik” ordenini Prezidentimiz nomidan tantanali ravishda topshirdi. Davlatimiz rahbarining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Tadbirda Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov va boshqalar ishtirok etdi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/lKq6ODoOz-k" title="Davlat mukofoti o‘z egasiga yetkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
A.QAYUMOV (video-surat), O‘zA