Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligi oshiriladi
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish maqsadida xalq deputatlari mahalliy kengash deputatlari uchun seminar tashkil etildi.
Seminarda sug‘urtalangan shaxs va sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Mahalliy kengash deputatlariga saylovchilar bilan uchrashuvlarda mazkur qonunning mazmun-mohiyatini kengroq tushuntirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi sohasidagi asosiy tushunchalar, ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etishning dolzarbligi, ijtimoiy sug‘urtaga doir munosabatlar haqida ma’lumotlar berildi.

Qonunning asosiy maqsadi fuqarolarning vaqtincha mehnat faoliyatini yo‘qotganda yoki ishsiz qolganida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikka tushish xavfining oldini olish, tadbirkorlarni homiladorlik va tug‘ish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda ishdan bo‘shatish nafaqalari to‘lovi bo‘yicha ortiqcha to‘lovdan ozod qilishga qaratilgani alohida e’tirof etildi.
Seminarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassislari tomonidan ijtimoiy sug‘urta sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishtirib o‘tildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr va takliflarini bildirib, qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA