Davlat fuqarolik xizmati takomillashmoqda
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan yuksak g‘oyaga asoslangan islohotlar davom etmoqda.
Iqtisodiyoti, siyosiy va ijtimoiy taraqqiyoti bilan dunyo hamjamiyatiga dadil kirib borayotgan yangi O‘zbekistonda boshlangan ma’muriy islohotlar, kadrlar siyosati yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Navoiy viloyati filiali rahbari Zafar SULTONOV O‘zA muxbiriga viloyatda davlat fuqarolik xizmatini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida gapirib berdi.
– Bosh Qomusimizning 2-moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, deb mustahkamlab qo‘yilgan, – deydi Zafar Sultonov. – 2022 yilning 8 avgust kuni esa O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi xalqchil davlat xizmati tizimini tashkil etish uchun mustahkam huquqiy poydevor bo‘ldi.
Davlat fuqarolik xizmatiga munosib kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish tizimi joriy qilinib, minglab yoshlar va xotin qizlar ochiq va shaffof tizim orqali davlat xizmatiga qabul qilinmoqda.
Olib borilayotgan ma’muriy islohotlar, xalqchil siyosat tufayli davlat xizmatchilari bugun aholiga ancha yaqinlashdi. 2022 yilda esa “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Har bir mahallada – rais, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlardan iborat yaxlit tizim yaratildi.
Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi. Shu bois, har bir mahallada samarali ish olib borish 2022 yilda faoliyatimiz bosh mezoniga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari farmon va qarorlariga muvofiq, meritokratiya tamoyili asosida Navoiy viloyatidagi 330 ta mahalladagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli lavozimlariga 3200 dan ortiq nomzodlar orasidan 990 nafari saralanib, lavozimlarga tayinlandi.
bugungi kunda viloyatdagi davlat fuqarolik xizmati joriy etilayotgan davlat organlari va tashkilotlarida 5397 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 1154 nafarini xotin-qizlar, 1122 nafarini esa yoshlar tashkil etadi.
O‘tgan yil mobaynida viloyatdagi 49 ta davlat organlari va tashkilotlaridagi mavjud vakant lavozimlar uchun 4353 marta ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etilib, tanlovlarning ochiq va shaffofligini ta’minlash maqsadida ishga tushirilgan “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” (vacancy.argos.uz) axborot tizimi orqali 32665 nafar fuqaro hujjat topshirdi. Tanlovlar yakuniga ko‘ra, 1466 nafar nomzod davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilindi.
bugungi kunda sektor rahbarlari, tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholanmoqda.
Davlat fuqarolik xizmatiga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish maqsadida ilm-fan, sport, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan, faol va tashabbuskor yoshlar orasida “Kelajak liderlari klubi” tashkil etilib, bu borada maxsus o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Aytish joizki, malakali kadrlar mamlakatning ertangi kuni, taraqqiyotini belgilovchi muhim kuch. Har bir vazirlik va idora bilimli, salohiyatli, tajribali, zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlarga ehtiyoj sezadi.
Shu bois davlat organlari va tashkilotlarining o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv xodimlarini yangicha talablar, xususan “mahallabay” va “fuqarobay” tizimi asosida samarali ishlashga o‘rgatish, ularning kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz oshirib borish maqsadida, o‘tgan yil davomida 2984 nafar o‘rta va quyi bo‘g‘in Davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasi oshirildi.
Dastlab viloyatdagi davlat fuqarolik xizmati joriy etiladigan davlat organlari va tashkilotlari bo‘yicha 2022 yilda oyma-oy va haftalik amalga oshiriladigan buyurtma portfellari asosida 452 nafar davlat xizmatchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi hamda uning Samarqand viloyat bo‘limida, shuningdek, 2532 nafar davlat fuqarolik xizmatchilarining esa masofaviy malaka oshirish kurslarida malakasi oshirildi.
Davlatimiz Rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida davlat fuqarolik xizmati sohasida o‘z yechimini kutayotgan masalalarning o‘rin olganligi, hali davlat xizmati xalqni rozi qiladigan tizimga aylanmaganligidan dalolat.
Shu bois Murojaatnomada islohotlarning birinchi yo‘nalishi sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tilishiga e’tibor qaratildi. Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani ta’kidlandi.
Yuqorida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Navoiy viloyatida davlat fuqarolik xizmatini yanada takomillashtirish maqsadida filial tomonidan 2023 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar belgilab olindi
Bu yil viloyat davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tanlovlarning barcha bosqichlarini faqat tanlov asosida shaffof va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘riladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining viloyat bo‘linmalaridagi vakansiyalar sonini 4-5 foizga tushirish va ulardagi kadrlar qo‘nimsizligi holati tahlili asosida ishlar tashkil etiladi.
Milliy va salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish, bunda “mahalladan - respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining samarali ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish va sektor rahbarlari mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida sektorlar faoliyati samaradorligi, tuman va shahar hokimi o‘rinbosarlari faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari tizimi orqali baholanib tahlil qilib boriladi.
Davlat xizmatchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat faoliyati uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish, iqtidorli va salohiyatli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etish ishlari izchil davom ettiriladi.
Har qanday huquqiy davlatning taraqqiyoti va mamlakat farovonligi davlat boshqaruvining qanchalik xalqchil ekanligiga bog‘liq. Shu bois davlat boshqaruvi tizimi ixcham, professional, adolatli, yuqori natijador bo‘lishini ta’minlash – davr talabi.
Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrdagi "Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni hamda “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu islohotlar, albatta, o‘zining ijobiy samarasini berib, Yangi O‘zbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish orqali davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Mazkur hujjatlarda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, so‘zsiz, innovatsion rivojlanishning zamonaviy tendensiyalari va jahon standartlarini hisobga olgan holda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish jarayoniga yangi kuch bag‘ishlaydi.
O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev yozib oldi.