Davlat dasturining yana bir bandi ijro etildi
Mamlakatimizning ravnaqi va taraqqiyoti yo‘lida qabul qilingan «Harakatlar strategiyasi» doirasida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini oshirish yilida»gi Davlat dasturining navbatdagi muhim bandi ijro etildi.
O‘zbekiston Respublikasining «Favquloddagi holat to‘g‘risida»gi Qonunini qabul qilish 2021 yil Davlat dasturining 246-bandida ko‘zda tutilgan bo‘lib, mazkur bandning ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis palatalari hamda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan qonun loyihasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan edi.
Loyihada O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan favqulodda holat sohasidagi hamkorligi davlat organlari tomonidan xalqaro shartnomalar va qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi, favqulodda holatni joriy etishda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar, favqulodda holatni joriy etish asoslari va tartibi, favqulodda holatda qo‘llaniladigan choralar va cheklovlar, ushbu davr uchun joriy etiladigan maxsus davlat boshqaruvi organlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, kafolatlari hamda boshqa maxsus qoidalar nazarda tutilgan.
Mazkur bandni amalga oshirish maqsadida joriy yil davomida biriktirilgan mas’ullar tomonidan samarali ishlar olib borildi, qonun loyihasini ishlab chiqish jarayoni yakuniga yetkazildi. Nihoyat,
19 noyabr kuni Senatga kiritilib, ma’qullandi. 16 dekabr kuni esa ushbu qonun Prezident tomonidan imzolandi.
«Favquloddagi holat to‘g‘risida»gi Qonun 7 bob, 38 moddadan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibini belgilashni ko‘zda tutadi. Unda komendantlik soati, hudud komendanti, hudud komendaturasi, favqulodda holat rejimini ta’minlash bo‘yicha davlat komissiyasi, eng asosiysi, favqulodda holat tushunchasiga izoh berilgan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklariga, shuningdek, yuridik shaxslarning huquqlariga nisbatan mazkur qonunda nazarda tutilgan ayrim cheklovlar belgilashiga yo‘l qo‘yadigan, ularning zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlar yuklaydigan, Konstitutsiyaga muvofiq, Respublikaning butun hududida yoki ayrim joylarida vaqtincha joriy qilinadigan davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va huquqiy mulkchilik shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining alohida huquqiy rejimi favqulodda holat deb ataladi.
Qonunda favqulodda holatni joriy etishda vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normalar aks ettirilgan. Jumladan, favqulodda holatni joriy etish shartlari va tartibi, qo‘llaniladigan choralar va cheklashlar, favqulodda holat amal qiladigan davr uchun joriy etiladigan maxsus davlat boshqaruv organlari, favqulodda holat sharoitida jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, mansabdor shaxs huquqlarining kafolatlari, favqulodda holat sharoitlarida sudlarning faoliyatini tartibga soluvchi va boshqa maxsus qoidalar mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur qonun bilan Prezidentning favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonida quyidagilar aks ettirilishi lozim:
– favqulodda holatni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar;
– favqulodda holatni joriy etish zaruratining asosi;
– favqulodda holat joriy etilayotgan hududning chegaralari;
– favqulodda holat rejimini ta’minlaydigan kuchlar va vositalar;
– favqulodda choralar ro‘yxati va ularni qo‘llash chegaralari, vaqtinchalik cheklovlarning qat’iy ro‘yxati;
– favqulodda holat sharoitlarida qo‘llanadigan favqulodda choralarni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari;
– favqulodda holatning amal qilish davrida tashkil etiladigan maxsus davlat boshqaruv organlari va ularning vakolatlari;
– farmon kuchga kiradigan sana va vaqt, shuningdek, favqulodda holatning amal qilish muddati.
Shu bilan birga, agar favqulodda holatni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan holatlar bartaraf etilsa, favqulodda holatning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan to‘liq, qisman yoki muddatidan oldin tugatiladi. Favqulodda holatning tugatilishi to‘g‘risidagi Prezident farmoni, Konstitutsiyaga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlisida tasdiqlanadi.
Aytib o‘tish lozimki, ushbu qonun fuqarolarimizning xavfsizligini yanada oshirish, mamlakatimizdagi turli ofatlarning oldini olish va bartaraf etish nuqtai nazaridan ishlab chiqildi.
Shuningdek, mazkur qonun endilikda mamlakatimiz hududida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday favquloddagi holatni xavfsizlantirish, bartaraf etish va boshqarishda asosiy me’yoriy hujjat bo‘lib xizmat qiladi.
Bunyod Tillaxo‘jayev,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Bosh mutaxassisi