Davlat byudjeti ijrosi muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yil yakunlari hamda 2021 yil birinchi chorakdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Deputatlar Davlat byudjeti ijrosi muhokamasiga partiya dasturiy maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda yondashib, ayrim masalalarda tegishli vazirlik mas’ullaridan izoh so‘radi.
Hisobotda 2021 yil 1 yanvar holatiga davlat tashqi qarzi 23,3 milliard, ichki qarzi esa 2,2 milliard dollarga yetgani ko‘rsatilgan. Lekin aksariyat rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiyaning tashqi qarzga qaraganda ichki qarzi ko‘proq. O‘zbekistonning esa ichki qarzi tashqi qarzga nisbatan 10 barobarga kam hisoblanadi.

Deputatlar Davlat byudjeti ijrosi yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi. Yig‘ilishda shuningdek, boshqa bir qator masalalar ham muhokama qilindi.
O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi Jahongir Abdurasulov joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi va bank o‘rtasida muloqot to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani bo‘yicha e’tirozlar bo‘layotganini ta’kidladi. Deputatning qayd etishicha, aksariyat aholi vakillari banklarga faqat kredit beruvchi manba sifatida qaraydi. Omonatga pul qo‘yish, aholiga obligatsiya sotish shakllanmagan. Buning asosiy sababi, ko‘pchilik banklarga ishonmasa, boshqalar o‘z e’tiqodi tufayli amaldagi bank xizmatidan foydalanmaydi. So‘rovlardan ma’lum bo‘ldiki, aholining 90 foizidan ortig‘ini musulmonlar tashkil qilgan mamlakatimizda qariyb 20 foiz aholi islomiy bank xizmatidan foydalanishni xohlaydi. O‘zMTDP tomonidan ilgari surilayotgan Islomiy bank xizmatini yo‘lga qo‘yish ishlari esa hamon cho‘zilmoqda.
Fraksiya a’zolari Markaziy bank tomonidan bu sohada yetarli ishlar olib borilmayotganiga e’tibor qaratib, tegishli choralar ko‘rish zarurligini aytib o‘tdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA