Davlat boshqaruvi sohasida BAA tajribasi
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan Birlashgan Arab Amirliklari Inson resurslari federal idorasi (FAHR) o‘rtasidagi hamkorlik doirasida “Davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini boshqarish tizimi” mavzusida onlayn-seminar tashkil etildi. BAA yetakchi axborot agentligi – “WAM” shu haqda yozgan.
Onlayn-seminarda tashkilotchilar virtual bilim uzatish bo‘yicha bir necha sessiya o‘tkazib, mamlakatimiz rasmiy hukumati guruhiga BAA hukumatining ushbu sohadagi ilg‘or tajribasi xususida ma’lumot berdi.
Inson resurslari siyosati sektori ijrochi direktori Oysha Xalifa As-Suvaydiy, Inson resurslarini rejalashtirish departamenti direktori Maryam Az-Zaruniy samaradorlikni boshqarish tizimining me’yoriy-huquqiy asosi, maqsadi, samaradorlikni baholash bosqichlari, shaxsiy va texnik kompetensiya, BAA Hukumat liderlik modeli, kompetentlik darajasi, samaradorlikni baholashda ko‘rsatkichini hisoblash, natijani rag‘batlantirish yoxud appelyatsiya berish tartibi to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Tinglovchilar “Bayanati” raqamli platformasida davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash qay tarzda amalga oshirilishi bilan tanishtirildi.
– Davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholash tizimi aniq, zarur qoida barcha uchun ochiq, tushunarli bo‘lishi muhim, – dedi Aysha As-Suvaydiy. – “FAHR” tomonidan ishlab chiqilgan tizim qoidasi tashkilot saytida to‘liq joylshtirilgan. Shu sababli kamdan-kam holda ish beruvchi va davlat xizmatchisi o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi.
Siyosat sektori mutaxassisi Ahmad Al-Muhayriy mazkur arab mamlakatida joriy qilingan inson resurslarini boshqarishning yetuklik indeksi bo‘yicha taqdimot namoyish qildi.
Inson resurslarini boshqarish jarayoni, vakolatga qarab, to‘rtga bo‘linadi: boshqaruv, ishga olish samaradorligi, rivojlantirish, jalb qilish. Bu jihatlar BAA hukumatining strategik ustuvorligiga mos keladi.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA