Dastlabki g‘oliblar aniqlandi
Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bahslari o‘tkazilmoqda.
Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bahslari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda mamlakatimiz dzyudo federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan iste’dodli sportchilar kuch sinashmoqda.
Chempionatning birinchi kunida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Dovud Roziqov (Buxoro), Bunyod Safarov (Toshkent viloyati), Umriddin Jumanov, Suhrob Po‘latov (Toshkent viloyati) o‘z vazn toifalarida birinchi o‘rindan joy oldi.
Qizlar o‘rtasida vazni 33 kilogrammgacha bo‘lgan Toshkent viloyatilik Zarina Jamolova final bahsida andijonlik Durdona Ergashboevani mag‘lubiyatga uchratdi.
36 kilogrammgacha vazn toifasining final bellashuvi qashqadaryolikSabina Fayzullaeva hamda mezbonlar vakili Bahora Rasulova o‘rtasida kechdi. Bahsda Sabina g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga solib, raqibidan ustun keldi va oltin medal bilan taqdirlandi. 40 kilogrammgacha vaznda samarqandlik Jasmina Vladimirova barcha raqiblarini yengib, mamlakat chempioniga aylandi.