Daraxtzor va butazorlar barpo etish ishlari o‘rganildi
Mamlakatimizda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtzor va butazorlar barpo etish, “yashil belbog‘”lar yaratish, aholining yashash sharoitini yanada yaxshilash, ekologik holatni sog‘lomlashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Hududlarda yashil hududlar tashkil etishga alohida e’tibor qqaratilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan — davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtzor va butazorlar barpo etish borasida olib borilayotgan ishlar holati Buxoro va Xorazm viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama etildi.

Nazorat-tahlil tartibidagi o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatadiki, har ikkala viloyatda mazkur yo‘nalishda muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, Xorazm viloyatida 10 kilometr masofada “yashil belbog‘” himoya daraxtzorlari barpo etilgan. Shuningdek, umumiy qiymati 797 million so‘mlik loyiha asosida Urganch shahar atrofida 3100 metr masofada 2800 tup, Xiva shahri atrofida 7600 metr masofada 7700 tup ko‘chat himoya daraxtzorlari loyihasi asosida agrotexnik qoidalarga amal qilingan holda ekilgan.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Buxoro viloyatida ham sohada qabul qilingan hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Buxoro shahri atrofida 849 million so‘mlik loyiha bo‘yicha eni to‘rt qator bo‘lgan 10 kilometr masofada “yashil belbog‘” barpo etilgan. Ushbu hududda 14 ming 880 tup manzarali daraxt ko‘chati ekilgan.
Har ikkala viloyatda “yashil belbog‘” barpo qilingan hududlar yer egalariga topshirilgan. Daraxtzorlarga shikast yetkazish, ularni payhon qilishdan saqlash maqsadida tegishli hudud mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari va uchastka nozirlariga biriktirilgan. Ular tomonidan aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilgan.
Nazorat-tahlil tadbirida ushbu faoliyatda erishilgan natijalar bilan birga, qator muammo va kamchiliklar borligi aniqlandi. Jumladan, vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan “yashil belbog‘”larni barpo etish metodologiyasi hamda mahalliy xokimiyat organlari tomonidan esa “yashil belbog‘”larni yaqin va uzoq muddatlarga rivojlantirish istiqbolli rejalari ishlab chiqilmagan. Shuningdek, “yashil belbog‘”lar uchun yer maydonlari tanlashda hududlarni rivojlantirishning bosh rejasi hisobga olinmagan. Bunda barpo etilayotgan ayrim “yashil belbog‘” hududlari kelgusida infratuzilma ob’ektlari hududiga tushib qolish xavfiga ega.
Shu bilan birga, “yashil belbog‘”larni yaratishda ekiladigan daraxtlarni tanlashda tegishli ilmiy-tadqiqot institutlarining xulosalari olinmagan.
Yig‘ilishda deputatlar tegishli davlat organlariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtzor va butazorlar barpo etish, “yashil belbog‘”larni rivojlantirish borasida qator taklif va tavsiyalar berdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA