Daraxtlar kesilishi keskin kamaygan
Har qanday daraxtlarni kesish taqiqlanadi. Bu uchun tegishli javobgarlik ham belgilangan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va hududiy nazorat boshqarmalari inspektorlari tomonidan daraxtlar kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy nazorat-reyd tadbirlari olib borilmoqda.
Buning natijasida o‘tgan yillar davomida daraxtlar, xususan, moratoriyga kiritilgan qimmatbaho daraxtlar kesilishi keskin kamaygan.
Qayd etish lozimki, mavjud qonunchilikka ko‘ra, o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy e’lon qilingan. 2022 yil 1 yanvardan daraxtlar kesilishiga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan.
Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2022 yilda qimmatbaho daraxtlarning noqonuniy kesilish holatlari 1 ming 669 tani tashkil qilib, 2021 yilga nisbatan 2 ming 513 taga yoki 61 foizga kamaygan. 2023 yilda esa qimmatbaho daraxtlarning noqonuniy kesilish holatlari 1 ming 97 taga yetib, 2022 yilga nisbatan 572 taga yoki 35 foizga qisqargan.
O‘tgan 2024 yilga kelib qimmatbaho daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari 1 ming 98 tani tashkil qilgan. Shuningdek, jamoatchilik nazorati va profilaktika tadbirlari doimiy olib borilishi natijasida o‘tgan yil davomida 142 ming 135 tup qimmatbaho daraxt, 492 ming 136 tup kam qimmatli daraxt, jami 634 ming 271 tup daraxt kesilishining oldi olinib, ularning yashovchanligi saqlab qolingan.
Bu boradagi reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA