“Daraxtga nafas bering!” aksiyasi davom etmoqda
So‘nggi yillarda “Yashil makon” milliy harakati keng quloch yoyib, mamlakatimizning turli manzillarida ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish, ekilgan daraxt, butalarni muhofaza qilish va yashil maydonlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Dov-daraxtlarni asrash, ularni parvarishlash va turli salbiy ta’sirlardan muhofaza qilish ham shu kundagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu sababdan, Ekologiya vazirligi tomonidan iyul oyi davomida “Daraxtga nafas bering!” aksiyasi tashkil etildi.
Jizzax viloyatida ham o‘tkazilayotgan ushbu aksiyada davlat nazorat organlari bilan hamkorlikda jamoatchilik vakillari ham ishtirok etmoqda. Daraxt shohlariga bezak uchun ilingan elektr osma chiroqlar ular rivojiga to‘sqinlik qilishini ko‘pchilik bilsada, bunga e’tibor qaratmaydi. Bu elektr ta’minotining tanqisligiga ham sabab bo‘ladi.
Bu kabi manzarani nafaqat Jizzax shahrining markaziy ko‘chalarida, balki boshqa ko‘pgina xizmat ko‘rsatish va ovqatlanish joylarida ham kuzatish mumkin. Shu kabi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan “Daraxtga nafas bering” tadbiri o‘tkazilmoqda.
[gallery-18233]
– Daraxtlarga reklama bannerlarini osish, uning ostki qismini betonlab tashlash yoki elektr simlarini o‘rash daraxtlarga shikast yetkazish deb baholanadi va bu kislorod manbaiga yetkazilgan zararga qarab, amaldagi qonunlarimiz asosida majburiy choralar qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan, – deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bioxilmaxillik bo‘limi bosh mutaxassisi Nodir Tog‘ayev. –Jizzax shahridagi “Ittifoq”, “Obod”, “Madaniyat” va “Zargarlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida o‘tkazilgan mazkur aksiyada ekologiya xodimlari bilan birga milliy gvardiya, IIB jamoat tartibini saqlash bo‘limi xodimlari ham ishtirok etdi.
Tadbirda daraxtlarga ilingan elektr chiroqlari, qoqilgan reklama bannerlari va videokameralar olib tashlandi. Shuningdek, beton qoplamalar bilan qoplangan daraxtlarning osti qoplamalardan xalos etildi. Daraxtlarga ko‘rsatilgan salbiy ta’sirlar natijasida 13 ta holatda shikast yetkazilganligi aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan 33 million 320 ming so‘m miqdorda jarima chorasi qo‘llanildi. O‘simlik dunyosiga esa 8 million 840 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi uchun da’vo summalari belgilangan.
Jizzax viloyatining boshqa hududlarida ham “Daraxtga nafas bering!” aksiyasi qizg‘in davom etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.