Dang‘arada “Onalarga ehtirom” festivali bayramga aylandi
Bu hikmat sharhini o‘yladim uzoq – Rostdan ona erur qiblai olam. Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq Onadan tug‘ilgan payg‘ambarlar ham.
Bugun Farg‘ona viloyatining har bir hududida, mahallasida ana shunday onalar madh etilgan she’rlar jarang sochmoqda, ularga izzat-ikrom ko‘rsatilmoqda. “Onalarga ehtirom” festivali katta tantana sifatida nishonlanayotgani ularga bo‘lgan mehrning o‘ziga xos shodiyonasi bo‘layotir. Xususan, Dang‘ara tumanida ham festival doirasidagi ko‘rik-tanlov va tadbirlar ko‘tarinki ruhda tashkil etilyapti. Onalar, opa-singillarning bu kabi ehtiromdan, e’zozdan ko‘ngillari quvonchga to‘lmoqda.

– Ona siymosida, ayol timsolida hayot o‘z ifodasini topgan, uning ta’rifiga til ojiz, – deydi Dang‘ara tumani hokimi o‘rinbosari Shahnozaxon O‘rinova. – Darhaqiqat, o‘zining mehribonligi, qalb saxovati bilan oilani oila qiladigan, unga fayzu baraka olib keladigan, farzandlarimiz qalbiga Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini singdira oladigan onalarimiz chuqur ehtirom va e’zozga munosibdir. Tumanimizda ham “Onalarga ehtirom” festivali yuqori saviyada tashkil qilindi, 25 ta nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Festivalning tuman bosqichi fayzli o‘tib, 150 nafardan ortiq onaxonlar taklif etildi. Tuman hokimi Shuhratjon Tojihakimov viloyatda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur tadbir farg‘onaliklarning onalarga bo‘lgan yuksak mehr-ehtiromining ifodasi ekanligini bildirdi. Ularga o‘zining samimiy dil so‘zlarini izhor etib, sektor rahbarlari bilan birgalikda guldastalar taqdim etdi.

San’atkorlar ishtirokidagi bayram dasturi tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
M. Sulaymonov, O‘zA