Dala maydonlaridagi agrotexnik holat ko‘zdan kechirildi
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent viloyatida agrar sohada amalga oshirilayotgan ishlar, dala maydonlaridagi agrotexnik tadbirlar holati bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Real ashuro group” paxta-to‘qimachilik klasteriga qarashli paxta dalasi ko‘zdan kechirildi. Bu yerda g‘o‘zaning mahalliy “Sulton” navi ekilgan bo‘lib, chigitlarning o‘z vaqtida unib chiqishi nazoratga olinmagani bois, g‘o‘zalar siyrak bo‘lib qolgan. G‘o‘zalarning hosilga o‘tishi yaxshi bo‘lsa-da, qator oralarini begona o‘tlar bosgan.


Vazir g‘o‘za holatini ko‘zdan kechirish bilan birga bu yerdagi dala madaniyatiga ham alohida e’tibor qaratdi. Chunki dala chetlarida odatdagidan ko‘ra ko‘proq yer maydonlari foydalanilmasdan qarovsiz holda qoldirilgan. Bugungi kunda dalada mehnat qilayotgan har bir inson manfaatdorlik haqida o‘ylaganda yerning har bir qarichidan unumli foydalanish ustida bosh qotirsagina mehnati samarali bo‘lishi bor gap. Shu bois, dala chetlaridan oqilona foydalanmasdan, turli vajlar keltirish asossiz ekani ta’kidlab o‘tildi.



Keyingi manzil Piskent tumani bo‘ldi. Mazkur hududdagi 76 gektarli dalada Xitoydan keltirilgan paxta navlari ekilgan. Biroq, agrotexnik tadbirlar yaxshi tashkil etilmagani, sug‘orishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani sabab ekinlarning holati achinarli. Bunda fermerlarning tajribasizlik bilan olib borgan ishlari keskin tanqid qilindi. Shuning uchun fermerlarni qayta o‘qitish taklifi berildi. Taklifga ko‘ra, soha mutaxassislari uchun Respublikaning turli hududlarida ham nazariy, ham amaliy uslubda o‘qitish ishlari tashkil etiladi.




Vazir aholi tomorqalarida bo‘lib, xonadon sohiblari bilan suhbatlashar ekan, yurtimiz bo‘ylab ommalashtirilayotgan Sayxunobod tajribasining mazmun-mohiyatini tushuntirdi. Shuningdek, xonadon va tomorqa madaniyatini shakllantirish bo‘yicha har bir inson qo‘shnilariga o‘rnak bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.


Reja bo‘yicha vazir Yuqori Chirchiq tumanidagi “Eco agro product” fermer xo‘jaligi tomonidan barpo etilgan intensiv bog‘ hamda eksport qilishga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qadoqlash va saqlash jarayoni bilan tanishdi. Intensiv bog‘ 138 gektar yer maydonida barpo etilgan bo‘lib, eksportbop olma, nok, olxo‘rining jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan ko‘plab navlari yetishtiriladi. Bu yerda 22 ta doimiy va 300 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilgan.


Tutash hududda esa 4,5 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan zamonaviy muzlatgichli ombor faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bog‘dan yig‘ib olingan mevalar aynan mana shu yerda mo‘’tadil haroratda saqlanadi. Bog‘ni ko‘zdan kechirgan vazir, bugun mamlakatimizning barcha hududlarida mana shunday zamonaviy talablarga javob beruvchi intensiv bog‘larni ko‘paytirish, bu orqali nafaqat yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki eksport salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.


Parkent tumani “Kuryushon” MCHJ dala shiyponida Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, viloyatning qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshliqlari, tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan muloqot o‘tkazildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda mas’ullarga topshiriqlar berildi.
A.Musayev,O‘zA.