Copol g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalarda qonunbuzarliklar aniqlandi
Surxondaryo viloyatida faoliyat yurituvchi ayrim sopol g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalarda standart talablariga rioya etilmagani aniqlandi. Holat yuzasidan mas’ullarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilib, materiallar sudga yuborildi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasining Surxondaryo viloyati bo‘limi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi murojaati asosida Sh.S.O hamda S.M.R MCHJlarda davlat nazorati tekshiruvi o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, ishlab chiqarilgan mahsulotlar belgilangan tartibda tamg‘alanmagani, shuningdek, sifat guvohnomasi rasmiylashtirilmasdan realizatsiya qilingani aniqlangan.
Qayd etilishicha, aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan korxona mas’ullariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli hujjatlar sud organlariga yuborilgan.
Bundan tashqari, standart talablariga nomuvofiq mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish bo‘yicha tegishli taqdimnoma kiritilgan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA