Chorvachilik va sanoat loyihalari amalda
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish, ishlab chiqarish tarmoqlarini kengaytirish va faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
E’tiborlisi, bu borada xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yanada ortmoqda.
Xususan, zotdor qoramollarni zamonaviy usulda ko‘paytirish bo‘yicha katta tajribaga ega Argentinaning “Werthein Agro” kompaniyasi delegatsiyasi mutaxassislari Ohangaron tumanida bo‘lib, bu yerda barpo etilgan chorvachilik komplekslari faoliyati bilan tanishdi.

Delegatsiya Ohangaron tumani hokimi bilan o‘tkazgan ikki tomonlama hamkorlik borasidagi muzokaralarda qariyb 200 million dollarlik loyihaning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Dastlabki bosqichda tuman iqlim sharoiti, uning hosildorligini o‘rganish muhim ekani aytib o‘tildi. Shuningdek, hozirda tumandagi erkin iqtisodiy zona hududida “Sigma Chemical Industry” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 624 milliard so‘mlik tekstil bo‘yoqlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod qurilishi amalga oshmoqda.

Buning uchun 12,5 gektar yer maydoni ajratilgan. bugungi kunda asbob-uskunalar olib kelingan, ishlab chiqarish sexining metall konstruksiyasi qurib bitkazilib, asbob uskunalar xitoylik mutaxassislar tomonidan montaj qilinmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni saqlash ombori, ma’muriy bino va ishchilar yotoqxonasi esa foydalanishga topshirilgan. Loyiha to‘liq ishga tushgach 80 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
A.Musayev, O‘zA