Chortoqlik chempionlar mamlakat iftixori
Inson hayoti davomida sportning qaysi turi bo‘lmasin sog‘lom hayot kechirishida muhim omil sanaladi. Shu bilan birga, ayniqsa, yosh avlod vakillarini qat’iyat, mahorat hamda orzular ro‘’yobi yo‘lida intilish bobida chiniqtirish asnosida, ulkan muvaffaqiyatlarni zabt etishga undaydi.
Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 29-sonli umumta’lim maktabida jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi, xalqaro toifadagi sport ustasi Nuriddin Sotiboldiyev sportning sharqona yakkakurash turiga kiruvchi universal jang yo‘nalishida yoshlarga sport sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Bugungi kunda 120 nafardan ziyod o‘quvchi tajribali murabbiy qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib bormoqda.

Ustozdan saboq olgan sport ustalaridan 16 nafari Turkiya jumhuriyati, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Gruziya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida, yana 21 nafari Osiyo chempionati hamda 150 nafari esa O‘zbekiston chempionati musobaqalarida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishgan. Quvonarlisi shundaki, joriy yil Nuriddinning olti nafar shogirdi oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilindi.


Mard va jasur o‘g‘lonlar kamolga yetayotgan o‘quv dargohiga Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan 750 million so‘mlik sport inventarlari taqdim etilgan. Ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan ruhlangan sportchilar g‘amxo‘rliklarga munosib g‘alabalar bilan javob qaytarish maqsadida shu yil Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.