Cholg‘ular sadosi xalqaro maydonlarda yangramoqda
Buxoro viloyati Shofirkon tumani Kalon mahallasida yashovchi hunarmand Behzod Islomov o‘zining nodir mahorati bilan san’at maydonini hayratga solmoqda.
U 15 turdan ortiq musiqa asboblarini yaratishda mohirlik namoyish etib kelmoqda. Doira, rubob, tanbur, dutor, qonun, g‘ijjak, nay, tor, ud, gitara kabi cholg‘ular Behzod usta qo‘lida nafaqat san’at asari, balki ruhga orom beruvchi musiqiy ovozga aylanadi. Uning ijodkorlik yo‘lidagi ustozi – usta Dehqon Behzod Islomovning ijodiy shakllanishida muhim o‘rin tutgan.

Behzod ustaning yasagan cholg‘ulari nafaqat yurtimizda, balki Tojikiston, Turkmaniston, Isroil, AQSH kabi davlatlarda ham talabgir. Har bir cholg‘u asbobi uning yuqori sifatli qo‘l mehnati tufayli o‘ziga xos ohang va ovozga ega. Hunarmand o‘z mahsulotlarini xorijiy bozorlarga yetkazib berib, xalqaro miqyosda tanilmoqda va o‘z hunaridan o‘rtacha oyiga 7 million so‘m daromad qilmoqda.

Behzod Islomov nafaqat mohir cholg‘u ustasi, balki o‘zi yasagan asboblarni maromiga yetkazib chaluvchi san’atkor hamdir. Dutor, tor, tanbur, doira, nay kabi musiqa asboblarida mahorat bilan kuy chalib, san’atga bo‘lgan mehrini ijroda namoyish etadi. U 2024 yilda Samarqandda o‘tkazilgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida 2-o‘rinni, Tojikistonda bo‘lib o‘tgan "Musiqiy cholg‘ular" festivalida esa Grand-prini qo‘lga kiritdi. Ushbu yutuqlar hunarmandning iste’dodi va xalqaro miqyosda tan olinganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hozirda Behzod Islomov tumandagi 3-son Bolalar musiqa va san’at maktabida yoshlarga musiqa fanidan saboq bermoqda. Uning tajriba va bilimlari yosh avlodning iste’dodini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Behzod Islomovning faoliyati tuman hokimi o‘rinbosari Maqsuda Tilavova, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i Nazir Bekov va hokim yordamchisi tomonidan o‘rganildi. Usta-hunarmand o‘zining cholg‘u asboblarini sotishda amaliy yordam so‘radi va unga bu borada ko‘mak ko‘rsatishga kelishildi.
Bugungi o‘rganishdan avval Kalon mahallasi hokim yordamchisi Bobur Qudratov tomonidan Behzod Islomovning faoliyati tahlil qilinib, unga milliy cholg‘u asboblari ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida 28 million so‘mlik imtiyozli kredit olib berilgan edi.
Shuningdek, uning onasiga cholg‘u asboblariga g‘ilof tikish maqsadida subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinasi ham ajratib berilgan edi. Ushbu qo‘llab-quvvatlash Behzod ustaning hunarmandchilik faoliyatini yanada rivojlantirishiga zamin yaratmoqda.
Behzod Islomovning ijodi nafaqat o‘zini, balki yurtimizning san’at sohasidagi salohiyatini ham yuksaltirmoqda. U xalqaro maydonlarda musiqamizni targ‘ib qilib, milliy cholg‘ularimiz ovozini butun dunyoga yetkazib kelayotgan haqiqiy san’at fidoyisi hisoblanadi.
Dilorom G‘AFFOROVA,
Respublika Ma’naviy va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari
O‘zA