Chodakda 300 ta mehmon uylari tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganda xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga to‘xtaldi.
Sessiyada Murojaatnomada belgilangan g‘oya va yo‘nalishlar asosida viloyatda yangi “o‘sish nuqtalari”ni ishga solish, aholi turmushini yaxshilash bo‘yicha mahallabay, “mahalla – islohotchi” tizimini joriy etish yuzasidan vazifalar belgilab olindi. Bunda, birinchi navbatda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligi va daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mahallabay va “fuqarobay” ishlar jadallashtirilishi qayd etildi.
Prezident Pop tumani Chodak qishlog‘ida 300 ta mehmon uylarini tashkil etish uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 50 milliard so‘mlik kredit ajratilishini ma’lum qildi. Shu bilan birga qishloqda joriy yilda har biri 20 kvartiralik 5 ta ko‘p qavatli uy quriladi.
O‘zA