Chinordek mag‘rur yashagan shoir
XX asr o‘zbek adabiyotiga O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo o‘zining takrorlanmas asarlari bilan kirib keldi. Serqirra ijodkor o‘zining nasri, drammaturgiyasi va o‘ziga xos she’riy asarlari bilan o‘zbek adabiyotini yanada boyitdi.
Joriy yil shoir tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab turli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tdi.
Adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, shoirning yaqin qarindoshlari va talaba-yoshlar ishtirokidagi tadbirda shoirning hayot yo‘li, ijodi haqida so‘z bordi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo Shukrullo domlaning insoniy fazilatlari haqida to‘xtaldi. Qoldirgan boy ma’naviy merosi e’tirof etilib, shoir ijodini abadiylashtirish maqsadida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
- Shukrullo domla bilan o‘tgan asrning 70 yillarida tanishganman, - deydi shoir Tursun Ali. - Samimiy va kamtar inson edi. Mashhur shoir Rasul Hamzatov bilan yaqin bo‘lgan. Nashriyotda ishlab, she’rlar yozib yurardim. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lishimga ham Shukrullo domlaning turtkisi sabab bo‘lgan. Ustoz bilan ko‘p suhbatlarda bo‘lardik, yaxshi maslahatlar berardi. Hatto biz yo‘qlab, telefon qilolmagan taqdirimizda ham o‘zlari bizga telefon qilar, uzoq suhbatlashib bir-birimizdan ko‘ngil so‘rardik.
Shoirning rang-barang she’riyati mazmuni haqida adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldosh ma’ruza qildi. Olim shoir she’rlaridagi falsafa, o‘quvchiga dil izhorlarini, she’rlaridagi psixologik kayfiyat va ruhiy holati aks etgan misralardan misollar keltirdi.
Adabiyotshunos olimlar Hamidulla Boltaboyev va Tohir Qahhor Shukrullo nasri, doston va romanlari haqida so‘z yuritib, ijodkorning o‘ziga xos tarjimonlik maktabini alohida e’tirof etdi.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, ayni kunlarda shoir saylanmasi ustida ish olib borilmoqda. Unda shoirning barcha janrlarda yozilgan sarv asarlari o‘rin olishi rejalashtirilgan.
[gallery-4459]
D. Mamatova, O‘zA