Chim mahallasi zamonaviy mahalla qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib berdi
Qamashi tumanidagi Chim mahallasi zamonaviy mahalla qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib berdi. Bu yerda 640 o‘rinli maktab, 240 o‘rinli bog‘cha qurildi, oilaviy poliklinika jihozlandi. Yangi mahalla binosi, yoshlar markazi, sport majmuasi va istirohat bog‘i barpo etildi.
Eng muhimi, mahallada kambag‘al oila ham, ishsiz aholi ham qolmagani ta’kidlandi. Prezidentimiz kelgusi yil Mustaqillik bayramigacha ushbu tajriba asosida har bir tumanda ikkitadan zamonaviy mahalla markazini tashkil etish vazifasini qo‘ydi.
Mirishkor tumanida ham Chim tajribasi qo‘llanadi. Bu yerda 20 gektarda limonchilik issiqxonalari, yana 30 gektarda intensiv baliqchilik xo‘jaligi va 50 gektarda bodom bog‘i tashkil etiladi.
Bahorda ijaraga berilgan yerlarning 8 ming gektarida intensiv bog‘lar, 3 ming gektarida issiqxonalar barpo etiladi. Qolgan 11 ming gektarda kooperatsiya asosida yuqori daromadli ekinlar yetishtiriladi. Mutasaddilarga har bir tumanda bu ishlarni boshlash topshirildi.
O‘zA