Chet tili sertifikatlari pullanayotgani rostmi?
Ma’lumki, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16 fevraldagi “Chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida chet tillaridan milliy sertifikat imtihonlari o‘tkazib kelinmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Agentlik tomonidan chet tili sertifikatlari pullanayotgani, tanish-bilishchilik orqali taqdim etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi va munozaralarga sabab bo‘ldi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur xabarlar bo‘yicha izoh berdi.
Agentlik chet tilidan sertifikat imtihonlarini o‘tkazish va sertifikat berishda xolislik, adolat va shaffoflikni ta’minlashda o‘z prinsiplariga sodiqligini, har qanday korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda bo‘lishini alohida ta’kidlaydi. Jamoatchilik bilan aloqalarda doim ochiqligini bildiradi.
Shuningdek, chet tilini bilish darajasini baholash sinovining tinglab tushunish va o‘qish qismlari inson omili ishtirokisiz to‘liq avtomatlashtirilgan tartibda tekshiriladi. Yozish va gapirish bo‘limlari uchun berilgan javoblarni tekshirish masofaviy holda elektron platforma orqali amalga oshiriladi hamda tekshiruvchi ekspertlar tasodifiy (random) tanlanadi. Ushbu tartib baholashda inson omili ta’sirini minimallashtirishini ta’kidlaymiz.
Agentlik faoliyatining barcha bosqichlari, jumladan, sinovlar va baholash natijalari jamoatchilikka ochiq bo‘lib, tegishli tartibda nazorat qilinadi.
Agentlik tomonidan tashkil etilib, o‘tkazilayotgan imtihonlarda korrupsiya holatlari kuzatilsa yoki talabgorlar, ularning ota-onalari shunday holatlarga guvoh bo‘lishsa, Agentlikning ishonch telefoniga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari so‘raladi. Shu bilan birga, jamoatchilikdan tasdiqlanmagan ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatmasliklari, bu o‘z navbatida javobgarlikka sabab bo‘lishi eslatiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA