Chempionlik uchun kurash qizg‘in
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati davom etmoqda. Unda 100 nafardan ziyod yosh shaxmat ustasi bahslashmoqda.
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati davom etmoqda. Unda 100 nafardan ziyod yosh shaxmat ustasi bahslashmoqda.
Musobaqaning 12 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida Toshkent shahri sharafini himoya qilayotgan shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov peshqadamlik qilmoqda. U surxondaryolik A.Mengniyozov va qoraqalpog‘istonlik B.To‘rayevni mag‘lubiyatga uchratib, ikki ochkoga ega bo‘ldi. Iqtidorli shaxmatchi navbatdagi partiyada buxorolik D.Saidov bilan bahslashadi. Navoiylik Mehriddin Yo‘ldoshev va poytaxtlik Suhrobjon Avvalboyev keyingi o‘rinlarda bormoqda.
Qizlar o‘rtasida ushbu yosh toifasida poytaxtlik D.Hamroyeva, sirdaryolik F.Abdullayeva, surxondaryolik G.Abduxoliqova, A.Tursunova, Toshkent viloyatidan M.Hamidjonova ikki ochko bilan yetakchilik qilmoqda.
O‘n to‘rt yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi birinchi tur bahslarida bironta durang qayd etilmadi. Yigirma yetti nafar shaxmatchi partiyani o‘z foydasiga hal qildi.