Chempionlarimiz vatanga qaytdi
Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida boks boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz 8 oltin, 3 kumush va 9 bronza, jami 20 medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi pogʻonadan joy oldi.
Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida boks boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz 8 oltin, 3 kumush va 9 bronza, jami 20 medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi pogʻonadan joy oldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida muzaffar bokschilarimizni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, olimpiadachilarning ota-onalari, jurnalistlar tantanali kutib oldi.
Fujayra shahrida oʻtkazilgan mazkur qitʼa chempionatida bokschilarimiz Oʻzbekistondek buyuk yurtning hech kimdan kam boʻlmagan va hech qachon kam boʻlmaydigan farzandlari ekanini isbotladi.
Keskin va murosasiz janglarda zafar quchgan sportchilarimizning mardligi, jasorati, shijoatu matonati butun Osiyo qitʼasini lol qoldirdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, ularning bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimiz mustaqilligi, oʻsib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama sogʻlom va barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
Musobaqaning qizlar oʻrtasidagi final bosqichida Sabina Boboqulova, Feruza Kazakova, Nigina Oʻktamova, Aziza Zokirova barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi. Oʻgʻil bolalar oʻrtasida Azizbek Tojiyev, Login Petrov, Nusratbek Tohirov, Jahongir Zokirov Osiyo chempioniga aylandi.
Finalga qadar oʻtgan janglarda gʻalaba qozongan Bilolbek Ixvolov, Bekzod Bekmurodov va Mohira Ahmedova kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Iqboljon Qudratov, Asrorbek Shahobiddinov, Anvar Boltaboyev, Gʻofurjon Tohirov, Jahonmurod Imomaliyev, Aʼloxon Abdullayev, Mohlaroyim Savriddinova, Ruhshona Oʻktamova hamda Shahnoza Ergasheva oʻz vazn toifalarida bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Musobaqa tashkilotchilari tomonidan Osiyo chempionatining eng yaxshi bokschisi, deb 48 kilogrammgacha vaznda mamlakatimiz shaʼnini munosib himoya qilgan Sabina Boboqulova topildi.
– Chempionatda yuqori natijalarni qoʻlga kiritib, Vatanimizga yorugʻ yuz bilan qaytib kelganimizdan baxtiyormiz, – deydi chempionimiz Sabina Boboqulova. – Sportni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishimiz, xalqaro maydonlarda yuksak gʻalabalarga erishishga qodir sportchi boʻlib voyaga yetishimizga qaratayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrligi uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz.




