Chempionat qizg‘in davom etmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining yigirma ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining yigirma ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.Turnirning markaziy uchrashuvi Toshkentda “Lokomotiv” va “Nasaf” (Qarshi) jamoalari o‘rtasida kechdi. O‘z maydonida ishonchli harakat qilgan temiryo‘lchilar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona golga Sanjar Shoahmedov mualliflik qildi.
Chempionat peshqadami – Toshkentning “Paxtakor” jamoasi safarda “Navbahor” (Namangan) klubiga qarshi maydonga tushdi. Adnan Oraxovats tomonidan kiritilgan gol “Paxtakor”ga 1:0 hisobidagi g‘alabani keltirdi. Ushbu turdan so‘ng “Paxtakor” ochkolar sonini 57 taga yetkazib oldi.
“Bunyodkor” (Toshkent) Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi mehmoni bo‘lib, 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Farg‘onalik charm to‘p ustalari uchrashuvning 3-daqiqasida Adrian Kashkavalning goli evaziga hisobni ochdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Murodbek Bobojonov ham “Bunyodkor” darvozasini aniq nishonga olib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi.
Bekobodning “Metallurg” jamoasi “Dinamo”ni (Samarqand) 4:2 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, “Buxoro” (Buxoro) klubi “Qo‘qon – 1912”dan (Qo‘qon) 2:0 hisobida ustun keldi. “Olmaliq” (Olmaliq) jamoasi safarda Navoiyning “Qizilqum” jamoasiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
“Sho‘rtan” (G‘uzor) va “Andijon” (Andijon) hamda “Mash’al” (Muborak) va “So‘g‘diyona” (Jizzax) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarda hisob ochilmadi.